Adolatni e’zozlayotgan ayollarga ehtirom ko‘rsatildi
Surxondaryo viloyat sudida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ularning qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun jamiyatda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. So‘nggi yillarda jamiyatimiz gultojlarining orzu istaklarini ro‘yobga chiqarishi uchun davlat va jamoat tashkilotlarida xizmat qilayotgan ayollar mehnati munosib rag‘batlantirilayotgani, xususiy sektorda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan opa-singillarimizning g‘oya va takliflari qo‘llab-quvvatlanayotgani, ilmiy tadqiqotchi va talaba xotin-qizlar moddiy rag‘batlantirilayotgani, kam ta’minlangan, ehtiyojmand ayollarga har taraflama ko‘mak berilayotgani ham bunga yaqqol dalildir.

Viloyatda odil sudlovni ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar ulug‘langan tantanali tadbirda viloyat sudi raisi Ablqosim Ruziqulov yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va mavqeini oshirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida so‘z yuritdi. Soha fidoyilik bilan xizmat qilayotgan xotin-qizlar mehnatini alohida e’tirof etib, ularni bayram bilan tabrikladi.

– Sud tizimida 41 yildan buyon xizmat qilaman, – deydi Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Dilorom Almuratova. – So‘nggi yillarda sud tizimida katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohada biz, xotin-qizlarning mehnat qilishimiz uchun ham keng imkoniyat yaratib berildi. Bayramlar arafasida kamtarona mehnatlarimiz alohida e’tiborga olinib, e’tirof etilayotganidan faxr hissini tuymoqdamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda tizimda xizmat qilayotgan xotin-qizlar safining sezilarli ortgani jamiyatimizda qonun ustuvorligi va gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish yo‘lida yuz bergan yangilanishlar natijasidir.

Surxondaryo viloyati sudlarida yuzga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ularning o‘nga yaqini sudyalik kasbini sharaf bilan e’zozlab, odil sudlovni amalga oshirish va adolatli jamiyat barpo etishga munosib hissa qo‘shayotir.

Tantanali tadbirda sohada xizmat qilayotgan xotin-qizlarga viloyat sudi raisining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri