“Adolat” SDP nomzodining saylovoldi dasturi e’lon qilinmoqda
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining navbatdagi qurultoyi davom etmoqda.
Ayni paytda kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining nomzodi B.Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlarini qurultoy qatnashchilariga ma’lum qilmoqda.
Nomzod saylovoldi dasturining davlat hokimiyati boshqaruvi yo‘nalishida fuqarolarning siyosiy huquq va erkinliklarini, erkin so‘zlash va fikr bildirish huquqlarini himoya qilish; boshqaruvda shaffoflik va oshkoralik tamoyiliga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shu jumladan, jurnalist va blogerlarning huquqiy maqomini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish va ularni ijtimoiy himoya qilish, korrupsionerlarga Vatan taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘luvchi yot unsurlar deb qarash, korrupsiyaning barcha ko‘rinishlari uchun qattiq jazo choralarini qo‘llash masalalariga alohida o‘rin ajratilgan.

Dasturning Adolatlilik va sud-huquq yo‘nalishida shaxsiy huquq va erkinliklar, jumladan, shaxs daxlsizligi, shaxsiy daxlsizlik, mulk daxlsizligi, turar joy daxlsizligi, nabotot va hayvonat olami daxslizligi tamoyillariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash; jinoyatchilikka, shu jumladan, davlat mulkini o‘zlashtirishga, poraxo‘rlikka, tamagirlikka, zo‘ravonlikka, ekstremizm va terrorizmga qarshi murosasiz kurashish; har qanday ko‘rinishdagi “samosud” uchun qat’iy jazo belgilash; adolatsiz jarimalarni qayta ko‘rib chiqish. jarimalar birinchi navbatda halqning real daromadiga mutanosib bo‘lishini, shuningdek, jarimalarni belgilashda ularning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib belgilanishini ta’minlash, ayrim jinoyat turlariga ma’naviy jazo qo‘llash, yagona tergov organi – Tergov qo‘mitasini tashkil etish orqali inson huquq va erkinliklarini xalqaro talablar doirasida ta’minlash kabi masalalar ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy yo‘nalishda xodimni ekspluatatsiya qilishga qarshi keskin kurashish, har bir insonni hammabop va hamyonbop uylar bilan ta’minlash, uy-joylarning narxini keskin kamaytirish; aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan ta’minlash, pensiyadagi yuqori cheklovlarni bekor qilish va har kimning mehnatiga, olgan maoshiga va ijtimoiy to‘lovlariga yarasha pensiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish, maktabgacha ta’limning sifat va samaradorligini yuqori darajaga ko‘tarish, bog‘chalarga bolalarga hozirgidek uch yoshdan emas, ikki yoshdan boshlab, hech qanday navbatlarsiz yuz foiz qamrab olish, umumiy o‘rta ta’limning yangi standartlarini yaratish; a’lo baholar bilan o‘qigan iqtidorli kam ta’minlangan yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olishini kafolatlash, oliy ta’lim kvotalarini butunlay yo‘q qilish va reytingi yuqori bo‘lgan talabalarning bepul oliy ta’lim olishini kafolatlash; ta’lim tizimida kechayotgan tarqoqliklardan, qarama-qarshiliklardan voz kechish va uzviylikni ta’minlash uchun Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirliklarini yagona – Ta’lim vazirligiga aylantirish masalalariga e’tibor qaratilgan.
Muhtarama Komilova, Temur Mamadaminov, (surat), O‘zA