Adolat sari yana bir qadam
Sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt bartaraf etish va tizimda ochiqlik muhitini kuchaytirish — mamlakatda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimizning sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi farmoni ana shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov sifatini oshirish hamda sudlarga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda korrupsiyaning oldini olish va uning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyunda qabul qilingan “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Hujjatning asosiy mohiyati sud tizimida korrupsiyaviy xavflarning oldini olish, ularni erta aniqlash va bartaraf etishning samarali mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.
Farmon bilan sud tizimida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratning zamonaviy institutsional tuzilmasi — Komplayens nazorat xizmati tashkil etilishi belgilandi. Bu xizmatning joriy etilishi faqat navbatdagi tashkiliy o‘zgarish emas, balki sud apparati faoliyatida halollik, qonuniylik va mas’uliyat tamoyillarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur tuzilma korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va baholash bilan birga, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga ham xizmat qiladi. Kadrlar tanlovining shaffofligi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimlarning kasbiy etikaga rioya qilishi ustidan monitoring o‘rnatish kabi vazifalar tizimning samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Farmonda kadrlar siyosatiga alohida e’tibor berilgani ham muhim ahamiyatga ega. Sud apparatiga halolligi, yuqori kasbiy salohiyati va munosib obro‘-e’tiborga ega mutaxassislarni jalb qilish, ochiq tanlov tamoyillarini kengaytirish hamda inson omili ta’sirini kamaytirish orqali tizimning ichki barqarorligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Hujjatning yana bir muhim jihati raqamli texnologiyalarga ustuvor ahamiyat qaratilayotganida namoyon bo‘ladi. Sud ishlarini avtomatik taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaviy xavflarni elektron tarzda boshqarish hamda kadrlar bilan ishlash jarayonlarini raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta’minlash maqsad qilingan. Bu esa qaror qabul qilish jarayonlarida sub’ektiv yondashuvlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish, xavfsiz aloqa kanallarini yo‘lga qo‘yish va daromadlar hamda mol-mulkni deklaratsiya qilish mexanizmlarini joriy etish kabi choralar ham tizimda ochiqlik muhitini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Bugungi kunda jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, sud tizimida adolatni ta’minlash faqat qonunlar mukammalligi bilan emas, balki ularni amalga oshiruvchi institutlarning shaffofligi va javobgarligi bilan ham belgilanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Komplayens nazorat xizmati faoliyati sud hokimiyatining ichki immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim mexanizmga aylanishi kutilmoqda.
Eng muhimi, mazkur farmon fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, odil sudlovning ta’sirchanligini kuchaytirish va korrupsiyadan xoli muhitni shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatda taraqqiyot ham, inson qadri ham yuksak bo‘ladi.
Tolibjon Haydarov,
Jizzax viloyat sudi raisining o‘rinbosari,
jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi
O‘zA