Adolat – odil sudlov orqali taʼminlanadi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida avvalo, inson huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini hamda qonuniylikni taʼminlash maqsadi mujassam.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida avvalo, inson huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini hamda qonuniylikni taʼminlash maqsadi mujassam.
Sud faoliyati samaradorligini oshirish, ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, sudning va sudyaning mustaqilligi aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 30-iyun kuni Prezidentimiz raisligida sudyalar, senator va deputatlar, huquqni muxofaza qiluvchi organlar rahbarlari, tergovchilar va mahalliy hokimiyat vakillar ishtirokida oʻtkazilgan “Odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi videoselektor yigʻilishida odil sudlovni taʼminlash borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, aholini sudga boʻlgan ishonchi yoʻqligi, tergov organlarida jinoyat ishi boʻyicha tergov qilish jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan xato va qonunbuzilish holatlari va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi kamligi hamda sud va huquqni muxofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati sust olib borilayotganligi tanqid qilindi.
Videoselektor yigʻilishida qayd etib oʻtilgan kamchliklar, muammolarni barataraf etish uchun sud raislarini har chorakda OAVda faoliyati toʻgʻrisida axborot berishi tizimi joriy etilishi, senatorlarni oʻzi saylangan hududga borib, odil sudlovni amalga oshirishda koʻmaklashishi, tergovchilarni oʻqitish, tayyorlash va malakasini oshirish uchun tergovchilar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti tashkil etish, sudyalar mustaqilligini taʼminlash maqsadida sudyalarga bosim va har qanday taʼsir koʻrsatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sudyaning maʼsuliyatini oshirish va shu orqali odil sudlovga erishish yuzasidan topshiriklar berildi.
Bu bilan sud va sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlash, ularni ijtimoiy muxofazasini kuchaytirish, sud korpusini bilimli, malakali, fidoyi, adolatparvar kadrlar bilan toʻldirish va haqiqiy sud hokimiyatini yaratish orqali fuqarolarni odil sudlovga boʻlgan ishonchi ortishi va sud ostonasiga qadam qoʻygan har bir fuqaro adolat borligiga ishonib chiqib ketishi taʼminlanadi.
Har bir sudya va sud apparati xodimi adolatni va qonun ustuvorligini taʼminlash borasida qonunlarimizga ogʻishmay amal qilishi darkor.
Zero, Amir Temur bobomiz aytganidek, kuch – adolatda.
Sherali HOMIDOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Buxoro shahar sudi sudyasi