Adolat davlat xizmatining asosidir
Jizzax viloyat soliq boshqarmasida sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “ma’naviyat soati” o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan poytaxtlik olim va tadqiqotchilar – Alfraganus universiteti professori Surayyo Eshonqulova hamda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti Setorabonu Jo‘rayeva ma’ruzalarida sohibqironning davlatchilik maktabi, adolatparvarlik tamoyillari va xalqparvarlik ruhi atroflicha yoritildi. Qayd etilganidek, mamlakatimizda buyuk ajdodlar merosini o‘rganish va targ‘ib etishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomidir. Ushbu hujjatda Temuriylar merosini chuqur tadqiq etish, uni yoshlar ongiga singdirish, ayniqsa, davlat boshqaruvida adolat tamoyillarini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan.

“Ma’naviyat soati”da Sohibqironning mashhur shiori – “Kuch adolatdadir” g‘oyasi alohida ta’kidlandi. Bu nafaqat o‘tmishning shiori, balki bugungi kun davlat xizmatchilari, xususan, soliq tizimi xodimlari uchun ham amaliy dasturdir. Zero, “Temur tuzuklari”da soliq yig‘ishda insof va adolat mezonlariga qat’iy rioya etish, xalqqa ortiqcha yuk solmaslik zarurligi uqtiriladi. Mazkur manbada soliq siyosatining adolatli bo‘lishi davlat barqarorligining muhim omili sifatida qaraladi.

Ta’kidlash joiz, tuzuklarda ilgari surilgan yana bir muhim g‘oya xalqparvarlikdir. Sohibqiron davlatni mustahkamlashni avvalo xalq roziligi bilan bog‘laydi. Uning qarashlarida podshoh adolatli bo‘lsa, xalq farovon yashaydi, xalq farovon bo‘lsa, davlat qudratli bo‘ladi mazmunm mujassam. Bu tamoyil bugungi islohotlar mazmuni bilan ham uyg‘unlik kasb etadi.

Jizzax viloyat soliq boshqarmasida o‘tkazilgan mazkur ma’naviy tadbir bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: adolat tarix sahifalarida qolib ketgan tushuncha emas, balki bugungi davlat xizmati, ayniqsa, soliq tizimi faoliyatining ham ma’naviy va huquqiy asosidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri