“Adolat“ amaliy ishlarga e’tibor qaratadi
Keng jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi shu kunlarda davlat va jamoat tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, mahallalarda chuqur o‘rganilib, undan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olinmoqda.
Keng jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi shu kunlarda davlat va jamoat tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, mahallalarda chuqur o‘rganilib, undan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olinmoqda.
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi ham Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosini ta’minlashda partiya hamda fraksiya oldida turgan muhim vazifalar muhokamasiga bag‘ishlandi.
Murojaatnoma mazmun-mohiyatini partiyaning barcha bo‘g‘inlarida va deputatlar guruhi majlislarida o‘rganish va har bir deputat o‘zining yillik “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi, bunda partiyaning saylovoldi dasturlarida belgilangan vazifalar, saylovchilarga berilgan va’dalar bajarilishiga asosiy urg‘uni qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Dori-darmonlarning yagona elektron bazasini yaratish va shu orqali ularning noqonuniy aylanishi, oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasini oshirish bo‘yicha mexanizmlar yaratish, bolalar stomatologik kasalliklari profilaktikasi holatini o‘rganish, hududlarning rivojlanishi uchun jalb etilayotgan investitsiyalar yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, oliy ta’lim muassasalarida tuzilgan Jamoatchilik kengashlari faoliyati ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish va ularning faoliyatiga ko‘maklashish kabi dolzarb vazifalarni amalga oshirish rejalashtirildi.
– Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizning navbatdagi islohotlar davrining eng asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi lozimligi qayd etildi. Parlament oldiga ham sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulruh Agzamova. – Ana shulardan kelib chiqib, partiyamizning ham o‘z takliflari va dasturiy yo‘nalishlarini belgilab oldik.
Fuqarolarning murojaatlari va takliflari doirasidagi o‘rganishlarda, shuningdek, qonun loyihalari muhokamasida joylardagi deputatlik guruhlari faoliyatini Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi bilan uzviy bog‘langan holda tashkil etish talab etiladi. Bu jarayonda fraksiya a’zolari joylarda muammolarni hal etishda yoki mavjud masalalardan qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishda foydalanish, hududlarni rivojlantirishga oid “Yo‘l xaritasi“ va dasturlar ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengash deputatlari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi lozim.
Deputatlar va partiya faollari yuqoridagi masalalar yuzasidan faqat qaror qabul qilish emas, balki uning amalda ijrosi ta’minlanishini qat’iy nazoratga olish va bu jarayonda bevosita ishtirok etishga kelishib oldi.