Adliya vazirligi: Qonunchilikdagi oʻzgarishlar advokatlik faoliyatiga qoʻshimcha cheklov belgilamaydi
Ushbu tushunmovchiliklarga Adliya vazirligi aniqlik kiritdi:
Senatning 24-martdagi yalpi yigʻilishida maʼqullangan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar (“advokat soʻzlashuvini nazorat qilish prokuror sanksiyasi bilan mumkin boʻlishi”) yuzasidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida turli mulohazalar paydo boʻlmoqda.
Ushbu tushunmovchiliklarga Adliya vazirligi aniqlik kiritdi:
Birinchidan, qonunning ushbu moddasi 1998-yildan buyon amalda boʻlib, unga kiritilayotgan oʻzgarish faqat tahririy xarakterga ega, yaʼni amaldagi matndagi “...telefon va boshqa soʻzlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarini eshitib turish...” soʻzlari “...telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan soʻzlashuvlarini, xabarlari va maʼlumotlari uzatilishini nazorat qilish ...” degan soʻzlar bilan tahrirlanyapti. Ushbu oʻzgarish zamon talabi, chunki nafaqat telefon soʻzlashuvlari balki telekommunikatsiya qurilmalari (kompyuter, planshet, smartfon va b.) orqali sms, yozma, audio, video va b. xabarlar yuborish keng qoʻllanilmoqda, shu jumladan jinoiy maqsadlarda ham;
Ikkinchidan, ushbu moddada advokatning daxlsizlik huquqlari belgilangan boʻlib, unga koʻra, boshqa fuqarolardan farqli ravishda advokatga nisbatan tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazish, jinoyat-protsessual harakatlar va majburlov choralari qoʻllashning alohida tartibi belgilangan.
Xususan, advokatga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish, uni qamoqqa yoki uy qamogʻiga olish, majburiy keltirish, ushlab turish, uyi, xonasi, transportini koʻzdan kechirish, tintuv oʻtkazish yoki olib qoʻyish, telefon soʻzlashuvlarini eshitish, advokatni koʻzdan kechirish va shaxsiy tintuv qilish kabi deyarli barcha muhim tezkor-qidiruv va protsessual harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanksiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu normalar advokatlarning huquqini cheklamaydi, aksincha surishtiruvchi, tergovchi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki tuman (shahar) prokurori sanksiyasi orqali tezkor-qidiruv tadbirlari, protsessual harakat va majburlov choralari qoʻllanilishidan himoya qilish orqali advokatning shaxsiy daxlsizligi himoya qilinadi.
Amaldagi qonunchilikda xuddi oʻxshash huquqiy mexanizmlar sudyalarga nisbatan ham belgilangan. Bundan tashqari, Ukraina, Rossiya (yuqori tergov komiteti tomonidan), Qirgʻiziston, Qozogʻiston kabi davlatlarda oʻxshash normalar advokatlik faoliyati kafolati sifatida belgilangan;
uchinchidan, Senat maʼqullagan qonun hujjati bilan Jinoyat protsessual kodeksi, Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisidagi qonunga ham telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan soʻzlashuvlar, xabarlar va maʼlumotlar uzatilishini nazorat qilish bilan bogʻliq protsessual va tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishni tartibga soluvchi tahririy oʻzgarishlar kiritilmoqda.
Ushbu oʻzgarishlar advokaturaga oid qonunchilikka kiritilmagan taqdirda qonunchilikda nomuvofiqlik yuzaga keladi. Yaʼni advokatning telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan xabarlari va maʼlumotlari uzatilishini nazorat qilish tuman (shahar) prokurori sanksiyasi bilan yoʻl qoʻyiladigan boʻladi. Bu esa advokatlik faoliyati daxlsizligiga taʼsir etuvchi omil boʻlishi mumkin.
toʻrtinchidan, yuqoridagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgarishlar qonunchilik texnikasi nuqtayi nazaridan tahririy (aniqlashtiruvchi) xususiyatga egaligi sababli koʻpchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida oʻzgarish kiritilayotgan qonunning nazorat holatidagi toʻliq matnini koʻrmaganligi sababli notoʻgʻri taassurot uygʻotmoqda.
Yuqoridagilarga koʻra, yangi kiritilayotgan oʻzgartish advokatlik faoliyatiga biron-bir yangi cheklov kiritayotganligini anglatmaydi. Balki, qonunchiligimizning zamon bilan hamnafas boʻlishini taʼminlaydi. Shu munosabati bilan advokatlik hamjamiyati va fuqarolarda xavotir olish uchun hech qanday asos mavjud emas.
Maʼlumot tariqasida: hozirgi kunda davlat rahbarining tegishli qaroriga koʻra advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi tayyorlanmoqda. Ushbu hujjat mazkur sohani yana-da takomillashtirish va advokatlar mavqeini tubdan oshirishni nazarda tutadi.