Adliya aralashuvi bilan o‘qituvchilarga ustama pullari to‘lab berildi
Davlatimiz rahbarining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga oid choralar belgilangan.
Qaror va ijro
Jumladan, ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz hamda asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqlari to‘lanishi kerak.
Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qaror ijrosi bo‘yicha Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari faoliyatida o‘rganish o‘tkazilgan. Shunda viloyat bo‘yicha olimpiada g‘olibi bo‘lgan Uchko‘prik va So‘x tumanlaridagi maktablarda ishlovchi 7 nafar o‘qituvchiga ustamalar to‘lanmagani aniqlangan.
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakuni bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga kiritilgan taqdimnoma muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, So‘x va Uchko‘prik tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlariga joriy yilning 5 oktyabr kuniga qadar ustama va mukofot pullarini to‘lab berilishi yuklatilgan bo‘lsa-da, amalda ushbu o‘qituvchilarga 164 million 303 ming so‘m ustama pullari to‘lanmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton va Qo‘qon tumanlararo sudiga sud buyrug‘i tartibida 164 million 303 ming so‘mni undirish yuzasidan arizalar kiritilgan. Hozirda 5 ta ariza yuzasidan 121 million 855 ming so‘mni undirish yuzasidan sud buyruqlari chiqarildi. Qolgan ustama summalarini undirish haqidagi arizalar fuqarolik sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasining So‘x va Uchko‘prik tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atish yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasiga kiritilgan ma’muriy takliflarga asosan So‘x tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Temirov va Uchko‘prik tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri D.Ayupovalarga bazaviy hisoblash miqdorining besh barobaridan ma’muriy jarima tayinlash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Muattar Burhonova, O‘zA