Adiblar xiyoboni – halovat maskani
... Bu manzildagi tabarruklikning xosiyati ne, moʻtabarlikning sinoati-chi? Uning har bir burchagi, gulu rayhoni, yoʻlaklari, ayvoni-yu, oʻrindiqlaridan soʻzning nafasi keladi.
... Bu manzildagi tabarruklikning xosiyati ne, moʻtabarlikning sinoati-chi? Uning har bir burchagi, gulu rayhoni, yoʻlaklari, ayvoni-yu, oʻrindiqlaridan soʻzning nafasi keladi. Ha, qarang, ular soʻz aytib qadr topganlardir. Soʻzga ohorli libos kiydirib, xalqni soʻz bilan toʻyintirib keyin koʻngil oromi gashtini his etganlardir.
Goʻshaning eng yuqorisida Hazrat Navoiy turibdi, qoʻlida aso. Gu\oʻyoki odamiylik sabogʻini qayta boshdan uqdirib: “Odami ersang, demagil odami, onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami”, – deya xitob qilayotgandek. Atrofida, sal quyida uning izdoshlari, bogʻ boʻylab mashvarat qilayotgan adiblar, shoir-u, ulamolar tizilib turishibdi. Kuni kecha mamlakat rahbarining adiblar xiyobonida boʻlishi va bu yerda ijodkorlar bilan yurakdan qilingan suhbatni televizor orqali koʻrgach, olgan taassurotim bu!
Tafakkur – fikrlar majmui. Agar uni vaqtida sugʻorib, vaqtida parvarish qilib turmasa eskirmogʻi bor. Zanglaydi. Ildamlamay, bir nuqtada depsinib turaverishi mumkin. Tafakkurni toblaydigan, uni hamisha ravshan etib turadigan, shuurni oʻtkir qarashlar va soʻz mahzani bilan boyitadigan oʻlmas bisot bu – adabiyotdir. Rostini aytay, adiblar xiyobonining bu kabi fayzli boʻlishi, yaxlit majmuaga aylantirilishi – adabiyotga eʼtibor, millatning ijodkorlariga boʻlgan hurmat va ularni yangidan yangi asarlar yaratishi, xalq dilidagi gapni aytishi, zamon qahramonlarining portretini chizishi uchun ragʻbatdir. Adabiyotning kuchi, uning yukini har nedan ustun qoʻyish – milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari bosilgan qadamning eng qutlugʻi boʻladi.Xayolan adiblar xiyoboni boʻylab kezaman.
Kundalik tashvishlar ichida yeling, yuguring. Belgilab qoʻyganingiz reja-yu loyihalarni ijro etmoq uchun tinim bilmang, ammo bir horgʻinlik sezganingizda, tashvishlar ichida bezganingizda, dil osoyishini koʻzlagan chogʻingiz nima sizga yupanch boʻladi? Albatta, yaxshi soʻz. Qoʻshiq yoki sheʼr, oqil doʻst – kitob. Bir yonda hofiz xonish qiladi: “bu majlisda yigʻilganlar, muhabbatga yaqinlardur”. Soʻz, soz va ovoz uygʻunligi sizni anglab boʻlmas kechinmalar ichra olib ketadi. Qoʻlda kitob, umr sahifalarini varaqlay boshlaysiz.
Abdulla Qahhor “Oʻtmishdan ertaklar” aytmoqda. Sizni ham bolalik xotiralari olis-olislarga chorlaydi. Tandir-oʻchoq boʻyida sochini durra bilan qoʻshib tangʻib olgan onangiz kuymanmoqda. Usti yupungina bolakay ariq labida loy oʻynab oʻtiribdi.
– Yana loyda uycha qurishni boshladingmi, oyogʻing toyib tushib ketmagin. Boʻldi, koʻp suv oʻynama, kechasi ishni koʻpaytirasan... – onangizning erkalab va doʻq aralash aytgani qulogʻingiz ostida jaranglaydi. Gʻilq etib tomogʻingizga nimadir tiqiladi. Bu sogʻinch, onaning diydorini bir bora koʻrishga boʻlgan intizorlik.
“Yoshligimdan sevaman men Ozodani,
Suluvlarning sarvari xonzodani”... shoir bu kabi yozishi sevimli boʻlib, dilingdagi topib yozishi uchun sodda Muhammad boʻlishi kerak ekanda. Boricha yozish, samimiy boʻlishni oʻrgatadi u. Muhabbatning rangini chizib beradi, soʻz bilan.
Ohho, yuzingiz xuddi chakich urilgan patir singari gʻoʻdir-boʻdir boʻlgan chogʻlar. Qoʻlingizdan Erkin Vohidovning “Oʻrtada begona yoʻq”i tushmaydi. Oʻqib-oʻqib, kitob betlarini barmoq izi bilan ezib tashlagansiz. Har satrini yod olgansiz, atay yodlamagan boʻlsangiz ham, qayta-qayta oʻqilgani bois qoʻrgʻoshindek qoʻyilib qolgan soʻzlar tilga koʻchadi: Qaro qoshing, qalam qoshing, Qiyiq qayrilma qoshing, qiz.
Dunyoda har kimning bor, oʻz matlabi... Abdulla Orifning orifona satrlari ulgʻayish pallasiga yoʻl boshlaydi. Ijodkor degani, kim axir! Uning yozganini oʻqib yuraging qirgʻogʻidan toshib ketsa, kulasan, yigʻlaysan, baʼzan chuqur oʻyga tushasan. U seni yoningdamas, ammo soʻz bilan seni idora qiladi, tarbiyalaydi, yuragingga taftish soladi. Baʼzan oʻzingni yomon koʻrib ketasan, ayblaring koʻzguda namoyon boʻlayotganidan uyalib, yon atrofga ehtiyotkorona boqasan. Yaxshiki, kitobning tili yoʻq. Gapirguvchi, sado berguvchi faqat sen.
Qodiriyni oʻqib-oʻqib, uqqanlaring shu boʻladi: bu dunyoda vatanparastlik, millatsevarlikning maktabi yoʻq. U qonda boʻladi. Tomirda yashaydi. Jonda ulgʻayadi. Shijoat va metin iroda uni namoyon etadi. Bejizga Choʻlpon faryod urmaydi: Koʻklam bilan yurtimga ham koʻkarish kelsaydi, deya. Uning armonlari bugun ushalmoqda. Bir paytlar Choʻlponni adabiy davralarga sigʻdirmagan, uning yozganlarini xor qilganlarning ishi uchun shoirga yukinasan. Yurtda ijod ahliga koʻrsatilayotgan ehtiromni his etib, ular oldidagi burch ado etilayotganidan taskin topasan. Elni ulkan dovonlardan eson-omon olib oʻtuvchi xazina, Avloniy aytganidek oyina — adabiyot ekanini his qilganing on – koʻklamlaring boqiydir, xalqim deysan baralla.
Adiblar xiyoboni... Bugun barchasi Choʻlpon istaganidek oydan-da goʻzal, kundan-da goʻzal ekanini yana bir bor koʻrsatib beradi. Bunda soʻzga qoʻyilgan haykalni koʻrdim. Soʻzni har nedanda qadrlash, qadrlilikni olib kelishini bildim. Bu olisdan turib yozganlarim, adiblar xiyobonini borib koʻrgach, his qilganlarimni ham albatta, ulashaman. Adabiyotsevarlarga maʼnaviyat oshyoni, tarix namoyoni – xiyobon muborak!
Ziyoda AMINOVA,
jurnalist