Adabiyotlar doʻstligi – xalqlar doʻstligi
Yigirmanchi asr oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi Odil Yoqubov va buyuk qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatov qadrdon doʻst boʻlishgan.
Qardoshlik rishtalari
Yigirmanchi asr oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi Odil Yoqubov va buyuk qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatov qadrdon doʻst boʻlishgan. Quyida Odil Yoqubovning Chingiz Aytmatov haqidagi xotiralaridan birini eʼtiboringizga havola qilamiz.
***
Bundoq oʻylab qarasam, XX asrning eng buyuk adiblaridan biri deb tan olingan Chingiz Aytmatov bilan yaqindan tanishganimizga 30-35 yil boʻlibdi.
Oltmishinchi yillarning oʻrtalari. Bir kun uyimga Pirimqul keldi.
– Toshkentga Chingiz kelgan, – dedi Pirimqul. – U “Toshkent” mehmonxonasiga tushgan. Men uni soat 2 ga uyga taklif qildim. Sen mashinangda uyimga olib kelsang, taniysan-ku uni?
– Ha, uzoqdan koʻrganman, – dedim men.
Soat ikkiga yetib bordim. U ham roppa-rosa ikkida mehmonxonadan chiqdi. Baland boʻyli, xushqomat, xushsurat (Xudo beraman desa, har jihatdan berarkan).
Borib koʻrishdim, oʻzimni tanishtirdim.
– Ha, eshitganman, eshitganman, – dedi u. – Ketdik boʻlmasa, Adiljan (keyin bilsam yaqin-yaqinlargacha u meni oʻzidan yosh deb oʻylarkan). Shu-shu “Adiljan” deb ataydigan boʻldi.
Oʻsha kuni Pirimqulning uyida bir necha soat suhbatlashib oʻtirdigov! (Pirimqul Chingiz bilan Moskvada, sobiq SSSR Yozuvchilar uyushmasida ishlab yurgan paytlaridayoq tanishgan, hatto mehmonga ham chaqirgan ekan).
Zimdan kuzatib oʻtiribman: juda oddiy. Buyuklikdan, kalondimogʻlikdan nishona ham yoʻq. Deyarlik ichmaydi, faqat Pirimqul qadah koʻtargandagina bir qultum-bir qultum xoʻplab qoʻyadi. Maqtovga tobi yoʻqroq. Biz bir-birimizdan oshirib, shaʼniga qadah aytsak, “qoʻyingdar” deb gapni boshqa yoqqa buradi. Suhbati nihoyatda shirin. Juda katta intellekt sohibi ekani shundoq koʻrinib turibdi. Oʻsha kuni u bizga juda koʻp narsalarni gapirib berdi. Hatto u paytlar davlat siri deb aytiladigan Kreml devorlari ichidagi gʻalati-gʻalati hangomalarni ham gapirib berdi. Xullas, birinchi uchrashuv menda nihoyatda chuqur taassurot qoldirdi.
Keksayganda yolgʻon gapirgisi kelmaydi kishining. Oʻsha paytlarda mening ham “Ikki muhabbat”, “Muqaddas”, “Tilla uzuk”, “Matluba” kabi qissalarim chop etilib va kitobxonlardan bir qop xat olib, (Pirimqul ham “Uch ildiz” romani dovruq qozonib) biroz taltayib yurgan kezlarimiz edi. Shu sababdan boʻlsa kerak, osiy banda ilk bor “Jamila”ni oʻqiganimda sal chiransam bu qissani men ham yozaolardim, degan oʻyga ham borgandim. Sal oʻtmay Chingizning “Oq kema” va “Alvido, Gulsari” degan qissalari chop etildi-yu, u bas kelolmaydigan noyob isteʼdod ekanligiga dil-dilimdan iqror boʻldim.
1973-yili mening “Ulugʻbegim” nashr qilindi. Koʻp oʻtmay roman rus tiliga tarjima qilinib “Drujba narodov” jurnalida bosildi, chet ellardan ilk shartnomalar kela boshladi. Kunlardan birida kechqurun ishdan qaytsam, umr yoʻldoshim Maryamxon kulib qarshi oldi:
– Sizga xushxabar bor. Suyunchi bering.
U qoʻlini orqasiga qilib, kulimsirab turardi. Bundoq qarasam, qoʻlida uzun konvert. Shartta yulib oldim.
Maryamxonning xushxabar degani Chingizdan kelgan xat ekan.Maktub nasib qilsa, Toshkentda koʻrishamiz, deb tugagandi.
Toshkentda Chingiz mening uyimda besh-olti marta mehmon boʻlgan, har bir kattaroq majlisga kelganida uni hamma talashib yurardi. Lekin Chingiz menga biron marta “borolmayman” degan emas.
Bir safar “Menikida mehmon boʻlib ket” desam, Chingiz “Ertalab men ketayapman” dedi. U Moskvadan Qirgʻizistonga borayotgan ekan. Bishkekdan mashinasini chaqirtiribdi. “Sen chegaradagi choyxonada dasturxon yozib tur, soat 9 da yetib boraman, dedi.
Suhbat paytida ikkalamiz jahon miqyosida, SSSRda boʻlayotgan voqealar haqida gaplashib oʻtirdik. Davlatning yuksak mukofotini olgan kishining Siyosiy byuro toʻgʻrisida, hukumat siyosati haqida tanqidiy fikrlarini eshitib, hang-mang boʻlib qoldim. Bir soatlardan keyin “Menga javob ber” dedi.
Bir soat qanday oʻtib ketganini bilmayman. Boshda aytganimdek, nihoyatda suhbati shirin, dunyo va hayot toʻgʻrisida teran mushohada yurituvchi dono inson ekan. Chingiz bu safar ham juda koʻp qiziq hangomalarni gapirib berdi. Oʻshanda men birinchi marta undan Andrey Saxarov toʻgʻrisida eshitdim.
– Vodorod bombasini ixtiro qilgani uchun uch bor Sotsialistik Mehnat Qahramoni degan unvonga musharraf boʻlgan va sobiq SSSRning barcha mukofotlarini olgan bu inson, – dedi Chingiz, – barcha mukofotlari, shohona uylari-yu koʻrkam dachalaridan voz kechgan, hatto oʻzi yaratgan vodorod bombasini qoralab chiqqan. Hozir Moskvadan haydalib, “Volga” boʻyidagi bir shaharchada gʻaribona hayot kechirmoqda. Qara, odamzod naqadar buyuk insonlarni yaratishga qodir ekan!
Roppa rosa soat oʻnda Chingiz ketishga ijozat soʻradi. Men yana biroz oʻtir, suhbatinggga toʻymay qoldik-ku, –- deb iltijo qildim.
– Yoʻq, Adil, – dedi Chingiz. – Men Talasdagi tugʻilib katta boʻlgan ovulim Shekerga barvaqt yetib borishim lozim. Dunyoning ikir-chikir ishlari bilan boʻlib, bir-ikki yildan beri u yerga borolmagandim. Dunyodan oʻtgan odamlar bor, ularning xonadonlariga borib fotiha oʻqishim, koʻngil soʻrashim kerak. Keyin bir qur birga oʻsgan tengdoshlarimga vaʼda berib qoʻyganman, borsam, albatta uchrashamiz, yoshligimizni eslaymiz, deb.
Chingiz shunday deb miyigʻida bir kulib qoʻydi:
–Ular oʻta baxtli odamlar, Adil. – Bir qoʻyning goʻshtini qozonga solishadi. Keyin sen bilan men ham maydalab oʻtirgan narsani kosalarga toʻldirib, bir koʻtarishda oladilar-u, kalla goʻshtlaridan urib, bir-birini askiya qilishadi. Gurunglashadi, qah-qah otib kulishadi, yayrashadi. Ular oʻzlaricha baxtli odamlar. Biz endi ularday boʻlolmaymiz. Yotsak ham, tursak ham elni oʻylaymiz, xalqimizning kelajagi qanday boʻlarkin, uning kelajagi bormi, yoʻqmi, tilimiz, urf-odatlarimiz nima boʻlarkin, ular saqlanib qolarmikin yo suygan xalqimiz assimilyatsiya boʻp qolarmikan, deb tashvish chekamiz. Men ularga bu gaplarni aytsam, tengdoshlarim ustimdan kulishadi.
– Ay, Chingiz, Xudodan qoʻrqsang-chi, deyishadi ular. – Choponning yoqasidan belinggacha orden, medal. Olmagan mukofoting qolmadi. Tagʻin nedan noliysan? – deb taajubga tushishadi. Lekin men ularni yaxshi koʻraman, sogʻinaman. Sababi – eng yorugʻ, eng baxtli kunlarim shular bilan oʻtgan. Xoʻp, ziyofating uchun rahmat, endi menga ruxsat.
Men uni Qozogʻiston chegarasigacha kuzatib qoʻyib, orqamga qaytdim. Yoʻl-yoʻlakay u aytgan gaplar haqida oʻylab ketdim. Oʻzimdan oʻzim: “Sen ham tugʻilgan elingga borib turasanmi, borganingda olamdan oʻtganlarni yoʻqlab, ruhini shod etasanmi, oila aʼzolaridan koʻngil soʻraysanmi?” deb soʻradim.Bu savollar uzoq vaqt xayolimdan chiqmay vijdonimni qiynab yurdi.
Kunlardan bir kun jurnallarimizdan biridan telefon qilishdi. Chingiz Aytmatov qishlogʻining eng goʻzal va soʻlim maskanida (ota-bobolarimiz “Shakarbuloq” deb nom berishgan) ellik yoshini nishonlayotgan ekan. Siz u kishi bilan muloqotda boʻlgan emishsiz, shular haqida oʻrtacha hajmda bir maqola yozib bersangiz.
Men rozi boʻldim va ocherkimda mana shu gaplarning hammasini batafsil gapirib berdim. Oradan bir-ikki oy oʻtdi. Jurnal bosmadan chiqdi. Lekin ne koʻz bilan koʻrayki, Chingiz gapirib bergan eng qimmatli tafsilotlarning hammasi olib tashlangan edi. Oqibatda ocherk pati va dumi kesilgan qushga oʻxshab qolibdi.
Keyin bilsam, hushyor muharrirga Chingizning qishlogʻimga borib olamdan oʻtganlarga fotiha oʻqiyman, joʻralarim bilan yotib dardlashaman, degan gaplari yoqmagan, “Chingiz Aytmatov ulugʻ yozuvchi, u bunday gaplarni gapirishi mumkin emas” degan emish.
Men uzoq vaqt bu pati yulingan qushchaga koʻzi tushmadimikan, shoyad koʻzi tushmagan boʻlsa, deb uyalib yurdim.
Oʻsha yili kuzda Shakarda yozuvchining kichik yubileyi boʻlib oʻtdi. (kattasi qishda Bishkekda nishonlandi). Shakarda oʻtgan bu yubileyga taklif qilingan mehmonlar orasida men ham bor edim (mendan tashqari bu tantanalarga oʻzbek yozuvchilaridan Asil Rashidov bilan Shukrullo aka, yozuvchilardan tashqari ziyolilarimizdan mashhur olim Shabot Xoʻjayev bilan Ziyod Islomovich Yesenboyev ham chaqirilgan edi).
Men Shakar qishlogʻini koʻrishni koʻpdan orzu qilib yurardim, chunki qaysi bir donishmandning adib ijodining tub ildizlarini bilmoqchi boʻlsangiz, u tugʻilgan yurtga borib koʻr, degan gapi doim esimda turardi. Lekin eng muhimi – men tugʻilib voyaga yetgan koʻrkam qishloq – Qarnoqning shunday yonbagʻrida ham Shakarbuloq degan serdaraxt, serbuloq joy boʻlar, biz qishloq bolalari dashtda mashoq terib, tilimiz va tomoqlarimiz qurib, bu tiniq buloqlardan doʻppilab suv ichar, jazirama dashtdan Shakarbuloq bizga bamisoli jannat boʻlib tuyulardi.
Endi bu oʻxshashlikni qarang: Chingiz tugʻilgan qishloq Shakar deb atalib, qudratli Manas togʻining shunday etagida joylashgan ekan. Boshiga oppoq salla oʻragan bu togʻ ismi-jismiga monand deganday ham yuksak, ham ulugʻvor, ham maftunkor bir choʻqqi ekan. Shakar ham oʻz nomiga munosib, majnuntol va osmonga magʻrur qoʻl choʻzgan sarvlar va oq teraklar bilan oʻralgan, daraxtlar tagida esa, xiyol lof qilib aytganda, bir daryo oqib yotarkan. Haqiatan, donishmand aytganidek, men bu betakror goʻzal manzarani koʻrganimda Chingiz ijodining shoirona va maftunkor jihatlarini butun toʻlaligicha ilgʻab olganday boʻldim.
Shakarga kiraverishdagi katta olomon orasida boshlarini oppoq udana bilan oʻrab olgan yuz chogʻli keksa ayollar Chingizni qurshab olishdi, biri kulib, biri koʻziga yosh olib yozuvchining peshonasidan, biri u yuzi, bu yuzidan oʻpar, bu manzaradan behad xursand boʻlib adib ham ularning yelkalaridan quchib koʻrishar, hol-ahvol soʻrashar, ular siymosida xuddi oʻz onaizorini koʻrganday hayajondan entikar edi.
Keyinchalik men undan kampirlarni soʻrab-surishtirsam, Chingiz: “Ee, nimasini aytasan, – dedi sezilar-sezilmas uf tortib. – Ular nimalarni koʻrmagan, boshlaridan nimalarni kechirmagan. Oʻttizinchi yillarning ochligini ham, surgun-quvgʻinlarni ham, oʻttiz yettinchi yil fojealari-yu, urush yilaridagi zahmatlarni ham barchasini koʻrgan mushtipar ayollar, kampirlar. Koʻpchiligi otam-onamni koʻrgan, ogʻir yillarda peshonamni silab, bir burda zogʻora non, bir kosa ayronlarini ayamagan.
Ancha keyin, agar yanglishmasam, Issiq koʻl forumining oʻn yilligi nishonlanayotgan kunlari qirgʻiz doʻstlarimiz bizga yuzini ajin qoplagan, mittigina, ammo yurish-turishlari, gap-soʻzlari tiyrak bir kampirni koʻrsatib bu ayol “Momo yer” qissasining qahramoni, deb tanishtirishdi. Shunda Chingizni qurshab olib, peshonasi, u yuzi- bu yuzidan oʻpgan kampirlarni esladim.
Ha, hayot bamisoli bir daryo, u oqib oʻtaveradi, birov undan bahramand boʻlib, bogʻ-rogʻ yaratar ekan, birov, sababi loqaydlik va dangasalik, quruq qolaverarkan, deganlaricha bor ekan. Mana Chingizning Shakarda oʻtgan unutilmas toʻyiga ham yigirma yil boʻlibdi. Odatda, ellikdan oshgandan keyin ijodkorning isteʼdodi soʻna boshlaydi, qalami ham, aql-zakovati ham susayaboshlaydi, degan gaplar bor. Oʻylaymanki, bu nazariya Chingiz Aytmatov ijodiga sira ham toʻgʻri kelmaydi. U oʻzining dunyoni lol qoldirgan “Asrga tatigulik kun” va “Kunda” romanlarini ellikdan oshganidan keyin yozdi.
“Kunda” va, ayniqsa, “Asrga tatigulik kun” uni bugun jahon adabiyotining eng gʻaroyib yozuvchisi Gabriel Markesga teng miqyosga olib chiqdi. Chingiz yaratgan Manqurt obrazi, toʻgʻrirogʻi, bu soʻz kitobxonlarni larzaga solib, sotqinliq timsoli sifatida jahon tillariga kirib keldi. Shu jihatdan olib qaraganda, Chingiz menga Himolay togʻlarining Jamolungma choʻqqisini zabt etishga kirishgan alpinistni eslatadi. Farqi faqat shundaki, Jamolungmani zabt etishga ahd etgan oʻnlab, balki yuzlab sheryurak alpinistlar bu choʻqqini zabt etolmay, fojiaviy halok boʻldilar. Chingiz haqida esa bugun bir buyuk haqiqatni hech ikkilanmay ayta olish mumkinki, u sanʼat sohasidagi bu choʻqqini zabt etdi. Endilikda u hech ish qilmay erishgan ulugʻ zafarlarining gashtini surib, rohatu farogʻatda yashayverishi mumkin edi. Lekin bu kayfiyat unga batamom yot. Ayni zamonda hozir qanaqa asar yozyapsiz, degan savolni koʻp xushlayvermaydi. “Ha endi bir asarni qoralayapman. Ammo undan nima chiqadi, oʻzim ham bilmayman”, deb qoʻyaqoladi.
Umid qilamanki, “Jahon adabiyoti” jurnalxonlari bilishsa kerak, bundan uch yil muqaddam Markaziy Osiyo xalqlari eng yirik fan va madaniyat, adabiyot va sanʼat arboblari Toshkentda yigʻilib, ularning doʻstlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi bir tashkilot – Assambleya tuzishga qaror qilishdi. Shu munosabat bilan chaqirilgan katta qurultoyda Chingiz Assambleya Prezidenti, men esa uning birinchi vitse-prezidenti (muovini) etib saylandik.
Toʻgʻri, Assambleya oʻz oldiga qoʻyilgan masʼuliyatli vazifalarni yaxshi bajarayapti, ishlar yurishib ketdi, deyishga afsuski tilim bormaydi. Yuksak saviya, katta quvonch va ahillik bilan oʻtgan qurultoydan keyin hayot oldimizga juda koʻp qiyinchiliklarni roʻpara qildi. Bu qiyinchiliklar ham siyosat, ham moliya, ham mayda- chuyda odamlarning nafsoniyati, masalaning mohiyatiga tushunmasligi va bu odamlarning buyuk ustozimiz Muxtor Avezov va Oybek, Sobir Muqonov va Gʻafur Gʻulom kabi ustozlarimiz vasiyatlarini, turkiy xalqlar madaniyat arboblarining doʻstligi va birodarligini mustahkamlash haqidagi orzularini pisand etmasliklariga borib taqaladi. Lekin shaxsan Chingiz Assambleyani chin dildan sevadi, uning oldida turgan qiyinchiliklarni bartaraf etishga vaqtini ayamaydi. U Oʻzbekistonni juda yaxshi koʻradi, tez-tez boʻlmasa-da, har qalay yilda bir necha marta kelib turadi. Uzoqda, Belgiyada yashasa ham tez-tez sim qoqib, hol-ahvolimizni surishtiradi, maslahatlar beradi.
Shu yili may oyida Chingiz Toshkentga keldi. U Oʻzbekistonda oʻtgan qirgʻiz kunlarida ishtirok etdi. Bir necha kun Assambleya ishlari bilan shugʻullandi, ToshDU va Toshkent davlat texnika universiteti talabalari va olimlari bilan uchrashdi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, bu uchrashuvlar yoshlar uchun quvonchli bayramga aylandi.
Chingiz Aytmatov tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan bu uchrashuvlar barcha uchun, ayniqsa, yoshlar uchun unutilmas bir bayramga aylandi. Soʻnggra biz bu bayramni davom ettirish uchun Qozogʻistonning Chimkent viloyatiga yoʻl oldik. U yerda oʻtgan koʻp uchrashuvlar vaqtida sodir boʻlgan juda koʻp qiziq voqealar orasida ikki narsa yodimda mixlanib qoldi.
Safarning ikkinchi kuni biz Oʻtrorda boʻldik. Ming afsuski, hozirgi Oʻtrorni Chingizxon qoʻshinlariga birinchilardan boʻlib koʻkragini tutib bergan va olti oy taslim boʻlmagan qadimiy Oʻtrorning gʻaribgina bir soyasi deyish mumkin. Lekin hozirgi shaharchada oʻsha buyuk va magʻrur Oʻtror haqida, Chingizxon lashkarlari bilan mardona kurashgan sheryurak oʻgʻlonlari toʻgʻrisida ozgina boʻlsa-da tasavvur beruvchi katta muzey bor. Biz muzeyni borib koʻrdik. Keyin shahar markazidagi sanʼat saroyida uchrashuv boʻldi. Uchrashuvdan keyin tashqariga chiqsak, muzey oldidagi maydonda besh-oltita nor tuyalar choʻkkalab yotipti.
Aziz oʻquvchi, meni kechirgay. Mavzudan jinday chetlab ketdim, chogʻi. Aytmoqchi boʻlgan gapim shuki, bir necha yil davomida bu ulugʻ yozuvchi bilan yonma-yon turib ishlash Ollohning menga koʻrsatgan ulugʻ bir inoyati deb bilaman. Shu inoyat sabab, men uni yaqindan kuzatish imkoniyatiga ega boʻldim, oramizdagi iliqlik yana-da koʻpaydi, samimiyatimizga samimiyat qoʻshildi.
Uzoqdan koʻplar oʻta magʻrur odam, ulugʻ yozuvchi, unga yaqinlashish juda qiyin, deyu oʻylashadi. Aslida esa u hayotda juda sodda, hatto bolatabiat bir inson.
Shu yil bahorda oldin Oʻzbekistonda, keyin Qozogʻistonning Chimkent viloyatida Chingizning yetmish yillik yubileyi oldidan qator uchrashuvlar, suhbatlar, ilmiy anjumanlar boʻlib oʻtdi.
Butun umrini boʻrilar hayotini oʻrganishga bagʻishlagan olmoniyalik bir olim “Kunda”ni oʻqib chiqqach, Chingiz ijodining targʻibotchilardan biriga uni yozuvchi bilan tanishtirib qoʻyishni iltimos qilibdi.
– Men hayronman, – debdi u, – “Kunda”ni oʻqiyotganimda menga shunday tuyuldiki, yozuvchi menga oʻxshab butun umrini boʻrilar orasida oʻtkazganga oʻxshaydi.
Umuman Chingiz Olmoniyada bizdagidan ham mashhur. Hatto bizda uncha dong chiqara olmagan yozuvchining “Kassandra tamgʻasi” romani ham Olmoniyada juda mashhur. Soʻnggi bir-ikki yil davomida Assambleya ishlari sabab Chingizni qachon surishtirsam, rafiqasi Marina aksar hollarda uni Olmoniyaga kitobxonlar bilan uchrashuvga ketdi, deb javob beradi. Chingiz oʻzi esa bu haqda gap ketganda xiyol maʼyuslanib:
– Endilikda mening asarlarim oʻz elimdan koʻra xorijda koʻproq oʻqiladi, – deydi xoʻrsinib. – Chet el kitobxoni haliyam boʻlsa haqiqiy adabiyotning qadrini yaxshi biladi. Bizda esa... didi yuksak kitobxonni kunduz chiroq yoqib topib boʻlmaydi. Rossiyada esa ahvol bizdagidan ham battar. U yerda seks adabiyoti avj olgan. Rus yozuvchilarining aksariyati ham faqat seksual mavzuda yozishmoqda. Koʻrib koʻngling ozadi! Bilmadim, qachon bu botqoqdan chiqib olamiz. Shunday qilib, mana bizning avlod ham yetmishga yetib keldi. Bugun biz ham kuni kecha koʻz ilgʻamas uzoq tuyulgan bu choʻqqining tepasida turibmiz. Na chora? Hayotning shafqatsiz qonuni shunday ekan, unga boʻysunish va shukrona aytishdan boshqa iloj yoʻq!
Shu yil iyun oyida adabiy jamoatchilik mening yetmish yoshimni nishonlayotganda Chingizdan telegramma oldim. U oʻz telegrammasida kaminani bu yosh bilan qutlab, meni ayniqsa chuqur hayajonga solgan bir gapni aytibdi:
– Men, – debdi Chingiz. – Mashʼum Oʻsh yongʻini kunlari sen va Pirimqul bilan goʻyo bir otaning farzandlaridek, goʻyo uch aka-ukadek, ogʻir fojea yuz bergan joylarga borib, talofat koʻrgan oilalarga hamdardlik bildirgan, ularning koʻnglini koʻtarishga, tasalli berishga uringan kunlarimizni bot-bot eslayman.
Qadrli doʻstim Chingiz. U qora kunlarni men ham, oʻylaymanki, Pirimqul ham eslab turadi. Iloyo, unday voqea endilikda hech qachon sodir boʻlmagay, deb Ollohdan tilaymiz. Men senday buyuk yozuvchi va ayni zamonda oddiy va kamtar inson bilan zamondosh boʻlganimdan toabad iftixor qilaman. Boz ustiga Yaratgan egam meni sen bilan uzoq yillar doʻst boʻlish, oxirgi yillari esa oliyjanob bir maqsad yoʻlida birga ishlash, sening dilbar suhbatlaringni olish baxtiga musharraf qildi. Soʻnggi paytlarda men ham bu haqda koʻp oʻylayman, ayniqsa, kechalari, uyqum qochgan daqiqalarda koʻp eslayman. Cheksiz quvonch va minnatdorchilik bilan eslayman. Bizning baxtimizga, nafaqat turkiy xalqlar, balki butkul jahon xalqlari kitobxonlari baxtiga hamisha sogʻ boʻl, omon boʻl, qadrli Chingiz!
Odil YOQUBOV
(Maqola 1998-yilda “Markaziy Osiyo madaniyati”
gazetasida chop etilgan).
Iskandar Yoqubov tayyorladi.