Adabiyot bayrami qizg‘in tus oldi
“…Odamlar har xil tillarda gaplashadilar. Biroq, faqat bitta tilda – yurak deb atalmish zabonda sevgi izhor qiladilar, quvonadilar, sog‘inadilar”, degan edi Chingiz Aytmatov. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilayotgan Respublika Yosh ijodkorlar seminarini kuzatar ekanman, men bugun mutafakkir adibning yuqoridagi so‘zlariga biroz o‘zgartirish kiritgim keldi.
Odamlar har xil tillarda gaplashadilar. Biroq, faqat bitta tilda – yurak deb atalmish zabonda she’r o‘qiydilar, she’rni his etib yig‘laydilar, tabassum qiladilar va bir-birlariga yaqinlik tuyadilar. Ha, she’r o‘zbekmi, rusmi yoxud qoraqalpoqmi, qaysi tilda yangramasin, yurakdan chiqqani bois yuraklarga yetib boradi.


Ustozlarimizdan biri aytganiday, “Shoirlar dunyoning turli burchaklariga tarqab ketgan bir millat vakillaridir”. Bugun yurtimizning turli burchaklarida ijod qilib yurgan o‘zbek, qoraqalpoq, rus tillarida ijod qilguvchi yosh ijodkorlarning boshini qovushtirgan va ularga o‘zini ko‘rsatish uchun bir katta maydon tuhfa etgan, ilhomlanish, fikr qilish uchun adabiy muhit yaratib bergan seminar yanada qizg‘in tus oldi. Seminar ishtirokchilari she’riyat, nasr, badiiy publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, adabiyotshunoslik, dramaturgiya, rus adabiyoti yo‘nalishlarida o‘nta guruhga bo‘linib, ustoz ijodkorlarga quloq tutdilar.
Bu yil seminarning tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi. Shu yillar davomida ishtirokchi yoshlar adabiyotimizning ulkan darg‘alarining saboqlaridan bahramand bo‘ldilar. Ilk ishtirokchilar uchun Pirimqul Qodirov, Abdulla Oripov, Ibrohim Rahim, Halima Xudoyberdiyeva, Aleksandr Faynberg, Tursunboy Adashboyev, Muhammad Yusuf, Anvar Obidjon, Abduvali Qutbiddin kabi ijodkorlar sabog‘i endi go‘zal xotiraga aylandi.


Bugun ham ishtirokchi yoshlar o‘zbek adabiyotining eng ko‘zga ko‘ringan vakillari bo‘lmish Ibrohim G‘afurov, Xurshid Do‘stmuhammad, Mamatqul Hazratqulov, Suvon Meli, Odil Ikrom, Faxriyor, Aziz Said, Isajon Sulton, Sobir O‘nar, Sirojiddin Rauf, Nurboy Jabborov, Salim Ashur, Zebo Mirzo, Kavsar Turdiyeva, Nikolay Il’in, Kenesboy Karimov, Xosiyat Rustamova kabi so‘z zargarlari yoshlarning ijod namunalari bilan tanishib, xolis fikr-mulohazalarini bildirdilar, qimmatli maslahatlarini berdilar, tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar.


Ilk mashg‘ulotlarda asarlari yuqori baho olib, ustozlarning tahsiniga sazovor bo‘lgan ijodkorlarning ko‘pchiligi endilikda so‘z maydonida o‘z o‘quvchi-muxlislarini topish bilan birga, jamiyatning turli bo‘g‘inlarida mehnat qilib, mamlakatimizdagi ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada yaxshilash, ezgu g‘oyalar, olijanob maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida mehnat qilmoqdalar.
Robindranat Tagor aytganidek, “Cheksiz umid va ishtiyoq yoshlikning asosiy boyligidir”. Умид qilamizki, bu yilgi adabiyot bayrami ishtirokchilari ham бу boylikni asrab-avaylab, xayrli maqsadlar yo‘lida sarflab, ustozlari izidan borib, kelajakda o‘z yo‘lini topadi, yurtimizning faxriga aylanadi, o‘zbek adabiyotini jahonga tanitadi. Zero, yuksak g‘oya va ezgu niyat uyg‘unlashgan yurtda buyuk maqsadlar, albatta, ro‘yobga chiqajak.
Oydin YO‘LDOSHEVA, O‘zA