Abu Mansur al-Moturidiy – Islom falsafasi asoschisi
FOTOREPORTAJ
IX – X asrlarda (870 – 944 yy) yashab o‘tgan, kalom ilmi sohibi, islom falsafasi asoschisi, hidoyat imomi Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur al-Moturidiy diniy ta’limotda turli aqidalar, oqimlar avj olayotgan bir vaqtda musulmonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Ushbu ulug‘ zot Samarqanddan chiqmay turib, butun islom dunyosiga tanilgan buyuk olim sanalgan.
Abu Mansur al-Moturidiy islom olamida to‘rtinchi o‘rinda qayd etiladigan “Chorkardiza” qabristoniga dafn etilgan. Ushbu manzilning alohida e’tirofga sazovorligi shundaki, bu qabriston islom dini targ‘iboti, tashviqoti, himoyachisi bo‘lgan ulug‘ zotlarining mangu qo‘nim topgan maskandir. Dastlab shahid ketgan yuz ming musulmon askar dafn etilganligi uchun ushbu qabriston “Chorkardiza” deb nomlangan. Afsucki, mustabid tuzum davrida islom olamining mashhur qabristonlaridan biri yo‘q qilinadi. 2000 yilda Abu Mansur al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligi munosabati bilan boshlangan xayrli ishlar natijasida u kishining qabrlari aniqlanib, umumiy to‘rt gektar maydonda majmua barpo etiladi.
[gallery-6757]
- Abu Mansur al-Moturidiy yashagan davrda yunon falsafasi ta’sirida islom olamida aqidalar, turli oqimlar yuzaga kelgan, - deydi Imom Moturidiy majmuasi rahbari Ulug‘bek Amirov. – Ushbu zot aqida va oqimlarni to‘liq o‘rganib, ularga diniy tomondan ham, falsafiy tomondan yakuniy xulosani oyatlar, hadislar orqali isbotlab bera olgan. Shu bois, bugungi kunda islom olamining 70 foizdan ortig‘i Moturidiya ta’limotiga amal qiladi.
Abu Mansur al-Moturidiy qabrini aniqlash borasida amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida “Chokardiza” qabristoniga dafn etilgan ulug‘ allomalar qabrtoshlari topilgan. O‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, bu manzilda din yo‘lida xizmat qilgan allomalar, ulug‘ zotlar, olimlar dafn etilgan. Ayni paytda mavjud maqbara yonidagi daxma ziyoratchilarning e’tiborini tortadi. Ushbu daxma hirotlik sayyidlarga tegishli daxma hisoblanadi. Amir Temur davrida ular mashhur “Chokardiza” qabristoniga dafn etilishga ruxsat so‘rab murojaat qiladi. Ularning kelib chiqish nasl-nasabi hisobga olinib, bir daxma bunyod etilgan va ushbu avloddan o‘tganlar mazkur daxmaga dafn etilgan. Tadqiqotlar natijasida aniqlanishicha, ushbu daxmaga 17 kishi dafn etilgan.
2000 yilda tashkil etilgan Abu Mansur al-Moturidiy majmuasi ham islom olamida alohida e’tirof etiladigan maskanlardan biri. Biroq, majmuaga borish yo‘li ziyoratchilar uchun noqulay. Eski shahar hududida bo‘lganligi bois, majmua ko‘zdan panada qolib ketgan. Majmuaga eltuvchi yo‘llarda ko‘zga tashlanadigan yo‘l belgilari o‘rnatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki, musulmon olamida Islom falsafasi asoschisi ziyoratiga keluvchilar son-sanoqsiz.
Alisher ISROILOV (surat),O‘zA