Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda o‘z telefon raqamidan foydalanishi kerakligi tavsiya etildi
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlangan bir paytda abituriyentlar uchun muhim ogohlantirish e’lon qilindi. Mutaxassislar onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida faqat o‘z telefon raqamidan foydalanishni tavsiya etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida kiritilgan telefon raqami abituriyentning ma’lumotlarini tasdiqlash va keyinchalik ularga o‘zgartish kiritish uchun asosiy vosita hisoblanadi. Tizim tomonidan yuboriladigan SMS-kod aynan shu raqam orqali tasdiqlanadi.
Shu bois, boshqa shaxsning telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etilmaydi. Chunki mazkur raqam egasi abituriyentning shaxsiy kabinetiga bog‘liq ma’lumotlarga kirish yoki ularni o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Mas’ullar abituriyentlarga o‘z telefon raqamini hech kimga bermaslik, xavfsiz va oson eslab qolinadigan parol tanlash hamda uni sir saqlashni maslahat bermoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, qabul jarayonlarida shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash har bir abituriyentning mas’uliyati hisoblanadi. Shuning uchun ro‘yxatdan o‘tishda ehtiyotkorlik va diqqatlilik muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA