Abdurauf Fitrat ilmiy merosi muloqot markazida
Bugungi kunda tarixni chuqur anglash, milliy o‘zlikni ilmiy asosda o‘rganish va uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, arxeologiya va antropologiya kabi fanlar insoniyat taraqqiyoti ildizlarini ochib berishda, jamiyat rivojlanish qonuniyatlarini anglashda muhim rol o‘ynaydi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Antropologiya institutida taniqli jadid, antropolog olim va professor Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda arxeologik va antropologik tadqiqotlar” mavzusidagi Respublika ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman doirasida to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha sho‘’balar faoliyat olib bordi. Anjumanga 60 ga yaqin tezislar kelib tushgani ilmiy hamjamiyatning mazkur yo‘nalishlarga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanidan dalolat beradi.
Anjuman davomida ko‘tarilgan asosiy masalalardan biri – arxeologik va antropologik tadqiqotlarning metodologik asoslarini takomillashtirish zarurati bo‘ldi.
[gallery-28548]
Shuningdek, hududiy tadqiqotlar yetarli darajada tizimlashtirilmagani, ayrim arxeologik ob’ektlarning to‘liq o‘rganilmagani kabi muammolar ham muhokama qilindi. Bu esa ilmiy izlanishlarda yondashuvni kuchaytirish, turli fanlar integratsiyasini ta’minlash zaruratini ko‘rsatadi.
Madaniyatlarning shakllanishi, qadimiy shaharlar va saltanatlarning paydo bo‘lishi, hunarmandchilik va ishlab chiqarish texnologiyalarining rivoji, etnik udumlar hamda diniy qarashlarning evolyutsiyasi kabi masalalar bo‘yicha bildirilgan fikrlar tarixiy jarayonlarni yangi nuqtai nazardan ko‘rib chiqishga xizmat qildi.
Mazkur ilmiy anjuman O‘zbekistonda arxeologiya va antropologiya fanlarini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. U nafaqat mavjud ilmiy yutuqlarni sarhisob qilish, balki kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, Abdurauf Fitrat kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va uni zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish orqali milliy ilmiy maktab faoliyati mustahkamlanadi.
Bu esa, o‘z navbatida tarixiy bilimlarni boyitish, ularni keng jamoatchilikka yetkazish va milliy o‘zlikni anglash jarayonini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA