Abduqodir Husanov Forbes reytingiga kiritildi
Dunyoga mashhur Forbes Sport jurnali JCH–2026 musobaqasida qatnashayotgan 48 ta mamlakat futbolchilari orasida eng yuqori daromadga ega boʻlgan oʻyinchilarning yangi reytingini eʼlon qildi.
Jahon chempionati ishtirokchilarining nafaqat maydondagi harakatlari, balki ularning moliyaviy koʻrsatkichlari ham nufuzli nashrlar eʼtiborida turibdi. Dunyoga mashhur Forbes Sport jurnali JCH–2026 musobaqasida qatnashayotgan 48 ta mamlakat futbolchilari orasida eng yuqori daromadga ega boʻlgan oʻyinchilarning yangi reytingini eʼlon qildi.
Eʼtiborlisi, ushbu nufuzli roʻyxatdan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi hamda Angliyaning "Manchester Siti" klubi himoyachisi Abduqodir Husanov ham joy oldi. Istiqbolli himoyachimiz dunyoning eng boy futbolchilari reytingida 38-oʻrinni band etgan.
Roʻyxatdagi yagona oʻzbekistonlik: Husanov qancha ishlab topadi?
Abduqodir Husanov mazkur reytingga kiritilgan yagona oʻzbekistonlik futbolchi sifatida qayd etildi. Forbes Sport hisobotiga koʻra, 22 yoshli himoyachining bir yillik umumiy daromadi 6,2 million AQSh dollarini tashkil etmoqda.
Nashr futbolchining daromad manbalarini quyidagicha shakllantirgan:
5 million dollar — "Manchester Siti" klubidagi maoshi va bevosita futbol faoliyatidan oladigan bonuslari;
1,2 million dollar — reklama shartnomalari, shaxsiy tijorat loyihalari hamda boshqa qoʻshimcha manbalar.
Tahlilchilarning qayd etishicha, Husanovning asosiy homiylaridan biri Germaniyaning Puma brendi hisoblanadi. Bundan tashqari, futbolchining 2025-yilda asos solingan shaxsiy "AK45" energetik ichimliklar brendi ham uning yillik daromadi oʻsishida muhim rol oʻynagan.
Yetakchilar oʻsha-oʻsha: Ronaldu, Messi va Mbappe
Forbes reytingining yuqori pogʻonalarida esa kutilganidek jahon futboli grandlari joy olgan. Dunyoning eng daromadli futbolchilari kuchli uchligi quyidagicha koʻrinishga ega:
Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) — 280 million dollar;
Lionel Messi (Argentina) — 130 million dollar;
Kilian Mbappe (Fransiya) — 95 million dollar.