Abdulla Qodiriyning romanlari arab tilida chop etildi
Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi, Saudiya Arabistoni Podshohligi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi, poytaxtimizdagi “Diplomat University” universiteti bilan hamkorlikda ikki xalq adabiy aloqalarini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan adabiyotga, kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor natijasida jahonning ko‘plab davlatlari ijodkorlari bilan adabiy aloqalar kengayib borayotgani, o‘zbek adib va shoirlarining asarlarini turli tillarga tarjima qilishga oid ishlar hajmi ortganini e’tirof etdi.

– Toshkentga xizmat safari bilan birinchi marta kelishim emas, – dedi Saudiya Arabistoni Podshohligi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi rahbari Majid al-Turkiy. – Bu mo‘’tabar diyor menda doim katta taassurot uyg‘otadi. Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi adabiy aloqalar yanada rivojlanishiga tilakdoshman. Yoshlarga qarata aytmoqchi edimki, bunday ajoyib davrlar sizning fursatingizdir. Yoshlik chog‘ida shunday ajoyib ustozlar, professor-o‘qituvchilaringizdan, adiblardan kerakli bilimlarni olib qolishingizni, ko‘proq kitoblar o‘qishingizni, kamolot sari intilishingizni istar edim.

Anjuman davomida o‘zbek va arab aloqalari qadim tarixga ega ekani, xalqlarimiz madaniy-ma’rifiy hayotida o‘xshash jihatlar ko‘pligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida ustoz ijodkor Abdulla Qodiriyning arab tilida chop etilgan “O‘tkan kunlar” hamda “Mehrobdan chayon” romanlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Abdulla Qodiriyning beg‘ubor va sof insoniy munosabatlar tarannum etilgan ushbu asarlari eng avvalo o‘zbek xalqining nisbatan yaqin tarixi, yurtimizdagi XIX asr oxiri va XX asr avvalidagi ijtimoiy, siyosiy vaziyat, o‘sha davrdagi muhit, mustamlakachilik siyosati haqida batafsil ma’lumot berishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, jahoning ko‘plab xalqlari tiliga tarjima qilingan bu romanlar o‘zbek xalqining yaqin tarixidagi turmush tarzi, an’ana va qadriyatlari, tilshunosligi bo‘yicha ham qimmatli manbadir.
Anjumanda adabiy aloqalarni yanada ravnaq toptirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. Anjuman davomida badiiy asarlarni ko‘proq tarjima qilish, Saudiya elektron universiteti hamda poytaxtimizdagi “Diplomat University” universiteti o‘rtasida hamkorlikka oid hujjatlar ham imzolandi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri