Kichik modulli reaktorlar bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi
Bugun “O‘zatom” agentligida kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini joriy etishda modellashtirish vositalaridan foydalanishga bag‘ishlangan milliy seminar o‘tkazildi.
“O‘zatom” va Xalqaro atom energiyasi agentligi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda davlat idoralari, ilmiy muassasalar, loyiha tashkilotlari va energetika tuzilmalari mutaxassislari, shuningdek, XAEA ekspertlari ishtirok etdi.
Seminarda kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini rivojlantirish, ularning xavfsizligi va iqtisodiy samaradorligini baholash, zamonaviy modellashtirish vositalaridan foydalanish hamda soha uchun kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
XAEA eksperti Vladimir Artisyuk O‘zbekistonning milliy yadro dasturini rivojlantirish borasidagi salohiyatini e’tirof etib, kichik modulli reaktorlarni xavfsiz joriy etish uchun mamlakatda mustahkam zamin mavjudligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida kichik modulli reaktorlarning texnologik xususiyatlari, yoqilg‘i konstruksiyalari, innovatsion yoqilg‘i sikllari va iqtisodiy prognozlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, kadrlar tayyorlashda qo‘llaniladigan XAEA simulyatorlari imkoniyatlari taqdim etildi.
Seminarning amaliy qismi 16-oktabr kuniga qadar davom etadi. Unda “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialida o‘tkazilishi, shuningdek, O‘zbekistonda kichik modulli reaktorlar bo‘yicha XAEA hamkorlik markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tadbir xalqaro tajribani o‘rganish, mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish va O‘zbekistonda kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini xavfsiz rivojlantirishga qaratilgan.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA