Senat: Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar umrbod ozodlikdan mahrum qilinadi
Bolalarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ammo amaliyot tahlili voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Senatning 20-yalpi majlisida muhokama qilindi.
– Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodekslariga hamda bir qator qonunlarga prinsipial va qat’iy o‘zgartirishlar kiritilmoqda, - dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga – 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva zo‘ravonlik haqidagi xabarlarni har tomonlama baholash va tegishli choralarni ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Zo‘ravonlikni darhol to‘xtatish masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Ya’ni, bolaning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi holatlarni bartaraf etish qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi kerak.
– Bunday holatni oddiy oilaviy masala deb baholab, uni e’tiborsiz qoldirish mutlaqo mumkin emas, - dedi T.Norboyeva. –Prokuratura organlari zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar olib borishi, ayniqsa, ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikning oldini olish va uning oqibatlari haqida xabardorlikni oshirish juda muhim. Bola bilan ishlash jarayonida ehtiyotkorlikka rioya qilish, uning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, so‘roq va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirishda qonuniy kafolatlarga rioya etish kerak. Bolaning ruhiy yoki jismoniy jarohat olishiga yo‘l qo‘ymaslik asosiy talablardan biri bo‘lishi lozim. Adliya vazirligi tomonidan qo‘shimcha chora-tadbirlar, jumladan, maxsus chora-tadbirlarni amalga oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Prokuratura organlaridan tegishli ma’lumotlarni olish va amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini tahlil qilishi zarur.
Majlisda ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmasligi, shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanishi qayd etildi.


Sud va tergov jarayonlarida bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan o‘tkazish hamda bolaga protsessual jarayon boshidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganda, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi kiritilmoqda.



Ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshini buzish hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy jazolar keskin kuchaytirilmoqda.
Aynan ushbu mavzu, qolaversa, qonun ijrosi bilan bog‘liq savollarga Adliya vazirligi, IIV, Bosh prokuratura mas’ullari tomonidan javob berildi.
Senatorlar mazkur qonunni qizg‘in muhokama qilib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish, jamiyatning himoyaga mujtoj qatlami bo‘lgan voyaga yetmaganlar himoyasini kuchaytirish zarurligi bo‘yicha o‘z qat’iy pozitsiyalarini bildirdi.
Yalpi majlisda ma’qullagan qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yish, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA