"CPHI Milan-2026": Xalqaro hamkorlikning yangi manzillari
"CPHI Milan-2026" xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasi doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning xalqaro kompaniya va tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlari davom etmoqda.
Jumladan, "Mankind Pharma FZ-LLC" kompaniyasining Xalqaro biznes yo‘nalishi prezidenti Balwinder Singh Sethi, "Fosun Pharma" vakili Allen Peng, Shveysariyaning "BioVersys AG" kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Dr. Marc Gitzinger, Misrning "Pharco Corporation" farmatsevtika guruhi hamda Turkiyaning "Bilim İlaç Sanayi ve Ticaret A.Ş." kompaniyasi vakillari bilan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston farmatsevtika bozorida xalqaro kompaniyalar ishtirokini kengaytirish, investitsiya loyihalari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi va ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mahalliy farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, mintaqaviy bozorlarga chiqish va eksport salohiyatini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro kompaniyalar vakillariga O‘zbekistonda farmatsevtika sanoati uchun yaratilgan investitsiya imkoniyatlari, ishlab chiqarish infratuzilmasi va sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Sloveniyaning «KRKA» farmatsevtika kompaniyasi hamda AQSHning «AmeriCares» xalqaro notijorat tashkiloti vakillari bilan muzokaralarda O‘zbekiston bozorida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy dori vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi va mahalliy farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
«AmeriCares» vakili bilan muloqotda aholining sifatli tibbiy yordam va zarur dori vositalariga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy ahamiyatga ega sog‘liqni saqlash tashabbuslari hamda xalqaro hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvlarda O‘zbekistonda farmatsevtika ishlab chiqarishini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi.
"CPHI Milan-2026" doirasida davom etayotgan uchrashuvlar O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, yangi investitsiyaviy va texnologik loyihalarni shakllantirish hamda milliy farmatsevtika mahsulotlarining jahon bozoridagi ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA