943 ta bino va inshoot aholi punktlarining bosh rejalariga zid ravishda qurilgan
Yurtimizda aholi punktlarini obodonlashtirish, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’ektlarni aniqlash, ular bilan bog‘liq qonun buzilishlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ammo shu bilan birga, sohada hali o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud.
Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari va hududlarda o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari davomida sohadagi kamchilik va muammolar aniqlandi.

Jumladan, Toshkent shahrida ayrim hollarda shaharning bosh rejasiga zid ravishda qurilish ishlari olib borilyapti. Shuningdek, 2025-yil va 2026-yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha jami 943 ta bino va inshootlar aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga, ularni rejalashtirish va qurish loyihalariga zid ravishda qurilgan.
Shu kabi masalalardan kelib chiqib, quyi palata majlisida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatovga “Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga shaharsozlik faoliyati sub’ektlari tomonidan rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” asoslantirilgan tushuntirishlar berish bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA