94 milliard 542 million so‘m zarar yetkazilgan
Joriy yilning yanvar oyida Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va qator tegishli tashkilotlar mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 995 ta iste’molchi tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Unga ko‘ra, 20 mln. 486 ming kVt⋅soat elektr energiyasi va 47 mln. 387 ming metr kub tabiiy gaz talon-toroj qilingan va buning natijasida davlat manfaatlariga jami 94 mlrd. 542 mln. so‘m zarar yetkazilgan.
Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlarida mazkur inspeksiya tomonidan 24 ming 969 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi. Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 937 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.
Energiya samaradorligi, avariya va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan 14 ta davlat korxona va muassasasida nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Ta’minotchi korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 1 ming 540 ta ob’ekt hamda 2 ming 565 ta ijtimoiy soha ob’ekti o‘rganildi.
Reaktiv quvvatni kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatish yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlarida tushuntirish ishlari olib borilib, 13 145 ta iste’molchiga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA