687 million so‘mlik dori vositalari ushlab qolindi
Bojxona organlari tomonidan aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan sifati kafolatlanmagan hamda noqonuniy muomalaga kiritilayotgan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarning oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelayotgan yuk avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida haydovchi tomonidan og‘zaki ma’lum qilinmagan va tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirilmagan tovarlar borligi aniqlandi. Qo‘shimcha ko‘rik davomida transport vositasining yukxona qismiga yashirin tarzda joylashtirilgan 2 378 quti turli xil tibbiy dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar borligi ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 687 million so‘mni tashkil etadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday turdagi dori vositalarining tegishli nazoratdan tashqari tarzda mamlakat hududiga olib kirilishi fuqarolar salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA