62 million 552 ming so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarildi
Atrofimizda sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan insonlar ham bor bo‘lib, ular ko‘pincha yashash, ta’lim olish va mehnat qilish jarayonida ijtimoiy yordam va himoyaga muhtojdir.
Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi N.G‘. ham farzandi nogironligi sabab “MINGBAEVʼSACADEMYOFROBOTICS” oilaviy korxonaga shartnoma asosida bionik protez qo‘l uchun buyurtma beradi.
Buyurtma 90 kun ichidagi iste’molchiga yetkaziladi. Ammo oradan 10 kun vaqt o‘tmay, protez to‘satdan ishlamay – bola qo‘lining kaft qismi umuman ochilib, yopilmay qoladi. Protez mutaxassis tomonidan tekshirib ko‘rilib, sensor qismini quvvatlaydigan batareyalar to‘g‘ri zaryadlanmagan deb topilgan. Bundan tashqari, qo‘llariga ehtiyoji katta bo‘lgan o‘quvchi dars jarayonlarida oylab undan foydalana olmagan.
Buni ko‘rgan ona xizmat ko‘rsatuvchi korxonaga qo‘ng‘iroq qilib farzandi taqib yurgan protez qo‘l funksiyasi kamligi uchun umuman organizmiga moslashmayotganini aytadi. O‘rniga ko‘p funksiyali protez tayyorlab berishlarini so‘raydi.
Ikki o‘rtada shartnoma tuzish vaqtida xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan protezlar va ularni har bir bemor uchun individual bo‘lishi, muddati va narxi haqida batafsil ma’lumot berilgan. Albatta, bu murakkab moslama, ayniqsa, kichik yoshdagilar undan foydalanishi qiyin kechadi. Protez organizmga moslashgunga qadar bir yil davomida ota-onalarga tegishli tavsiyalar berib turilishi, texnik nosozliklar bo‘lsa bepul ta’mirlab berilishi, xullas doim mutaxassis nazoratida bo‘lishi haqida va’dalar berilgan bo‘lgan.
Biroq fuqaro N.G‘. oilaviy korxona tomonidan faqat “yangi model uchun vaqt kerak, bitay deb qoldi, texnik testlardan o‘tishi kerak” kabi bahonalarni eshitdi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaat qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomondan o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlarda haqiqatan ham ushbu masala bir necha oylar davomida hal qilinmay kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada iste’molchiga protez uchun to‘langan 62 mln. 552 ming so‘m mablag‘ “MINGBAEVʼSACADEMYOFROBOTICS” oilaviy korxona tomonidan qaytarib berilishiga erishildi.
M.Qosimova, O‘zA