60 foiz g‘alaba: Zambiya Hichilemaga yana ishonch bildirdi
Zambiya prezidenti Hakayinde Hichilema saylovda 60 foiz ovoz to‘plab, ikkinchi besh yillik muddatga qayta saylandi. Uning eng yaqin raqibi Brayan Mundulile 38 foiz ovoz oldi, qolgan 12 nomzod esa ancha ortda qoldi.
Natija kutilgan edi, ammo saylov jarayoni bahslarsiz o‘tmadi. Mundulile ovoz berishda qoidabuzarliklar bo‘lganini iddao qildi, biroq buni tasdiqlovchi dalil keltirmadi. Undan avval ayrim muxolifat yetakchilari hokimiyatni ag‘darishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumon qilinib, hibsga olingan edi.
Ovozlarni sanash jarayoni ham bir muddat to‘xtatildi. Bunga saylov xodimlariga hujum qilingani va ayrim hududlarda belgilangan byulletenlar o‘g‘irlangani haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi. Xalqaro kuzatuvchilar saylov kuni asosan tinch o‘tganini qayd etgan bo‘lsa-da, muxolifatga qo‘yilgan cheklovlar va ommaviy axborot vositalariga kirish imkoniyati borasida xavotir bildirdi.
Hichilema g‘alabadan so‘ng o‘zini qo‘llab-quvvatlagan saylovchilarga minnatdorlik izhor etdi. Poytaxt Lusaka ko‘chalariga uning tarafdorlari chiqib, natijani nishonladi. Zambiya 1991-yilda ko‘p partiyali tizimga qaytganidan beri hokimiyatning saylov orqali tinch almashinishi bilan ajralib turadi. Muxolifat natijani sudda bahslashishi hozircha ma’lum emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA