6 ta korxona MDH sifat mukofoti sovrindori bo‘ldi
MDH Iqtisodiy kengashining 109-yig‘ilishida 2025-yil yakunlari bo‘yicha “Mahsulotlar va xizmatlar sifati sohasida erishgan yutuqlari uchun” MDH mukofoti g‘oliblari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan nufuzli tanlov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 6 ta korxonasi ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tanlovda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston hamda O‘zbekistondan jami 25 ta korxona ishtirok etdi. Ishtirokchilar mahsulot va xizmatlar sifati, ishlab chiqarish samaradorligi, innovatsion yondashuvlar va xalqaro standartlarga muvofiqlik kabi mezonlar asosida baholandi.

Mazkur mukofot MDH mamlakatlaridagi eng nufuzli sifat tanlovlaridan biri hisoblanib, har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Tanlov yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, eksport salohiyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda korxonalarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekiston korxonalarining ushbu yutug‘i mamlakatda sanoatni modernizatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasining yaqqol ifodasi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA