6 sentyabr – Kurash milliy sport turi kuni!
Avvallari 6 sentyabr sanasi qanaqa kun, desa, uncha-muncha odam bilmasdi. Bilganlar aynan shu kun milliy sportimiz kurash jahonga chiqqan, e’tirof etilgan sana desa, bilmaganlar yelka qisib, hali bu rasman tasdiqlanmagan, deb qo‘yardi.
2017 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga binoan «6 sentyabr – kurash milliy sport turi kuni» sifatida nishonlanishi e’lon qilindi. Bu azaliy qadriyatlarimizning ulug‘lanishiga, milliy sportimiz – kurashning qadr topishiga olib keldi.
Bu esa o‘tgan 5 yildan beri nafaqat yurtimizda milliy sportimiz rivoji yo‘lida mehnat qilib kelayotgan mutaxassislar, sportchilar, murabbiylar, balki Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga aloqador bo‘lgan dunyodagi ming-minglab insonlar ham ushbu kunni o‘z bayrami sifatida ardoqlab kelmoqda.
Bundan 24 yil muqaddam, 1998 yil 6 sentyabr kuni ota-bobolarimizdan meros azaliy qadriyatimiz – kurash sport turi sifatida dunyoga yuz tutdi.

Aynan shu kuni Toshkentda dunyoning 28 davlati vakillari ishtirokida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) ta’sis kongressi o‘tkazilib, milliy sportimizni jahonda rivojlantiradigan tashkilotga asos solindi.
Komil Yusupov tomonidan ishlab chiqilgan kurash sportining zamonaviy qonun-qoidasi, libosi, sport terminologiyasi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti IKAning doimiy faxriy Prezidenti, deya e’tirof etildi.
MANBALARGA KO‘RA...
Tarixiy manbalarning dalolat berishicha, kurash 3500 yillik tarixga ega. Qadimda marosim va bayramlarda milliy o‘yin shaklida bo‘lgan kurash O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi tufayli sport turi sifatida qad rostladi, uni xalqaro maydonda ommalashtirish imkoniyati yaratildi, davlatimiz tomonidan moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlandi.
Qilingan mehnatlar, sa’y-harakatlar tufayli 130 dan ziyod mamlakatda kurash federatsiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
1999 yildan shu kungacha O‘zbekiston, Turkiya, Vengriya, Armaniston, Mo‘g‘uliston, Ukraina, Janubiy Koreya, Eron kabi davlatlarda kattalar o‘rtasida o‘n martadan ziyod jahon chempionatlari, Dominikan Respublikasi, Hindiston, Turkiya, Gretsiya, Tojikiston kabi mamlakatlarda bir necha bor yoshlar, faxriylar o‘rtasida jahon va qit’a chempionatlari tashkil etildi.
Shuningdek, dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida 300 dan ziyod kurash turnirlari tashkil etildiki, bu dunyoda milliy qadriyatlarimizning qadrlanishiga, Vatanimizning ulug‘lanishiga xizmat qildi.

Eng asosiysi, kurash orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik, birdamlik, tinchlik g‘oyalari targ‘ib etilmoqda.
Kurashning sport turi sifatida xalqaro maydoniga chiqishi yer yuzidagi millionlab yoshlarning orzulari ushalishini ta’minladi. Bugun Afrikayu Amerika qit’asida yoki Yevropayu Osiyoda millionlab yosh sportchilar kurash bo‘yicha chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi va ko‘tarilmoqda.
Yurtimizda kurash bo‘yicha Amir Temur, Al-Xakim at-Termiziy, Bahouddin Naqshband, Zahiriddin Muhammad Bobur, Pahlavon Mahmud kabi ulug‘ ajdodlarimiz nomlariga kurash turnirlari o‘tkazildi.
Bu turnirlarda qatnashish uchun yurtimizga turli mamlakatlardan yuzlab sportchilar kelib, xalqimizning bunyodkorlik sohasida olib borayotgan betakror mujdalari bilan tanishdi. Shu orqali milliy sportimizga mehr qo‘ydi.
Olimpiya o‘yinlarining muhim bo‘g‘ini Osiyo o‘yinlari tizimiga kurashni kiritish harakati 2000 yillardan boshlangan bo‘lsa, 2017 yilga kelib yangi bosqichga ko‘tarildi.
Aynan shu yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
2018 yil Indoneziyada o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida qit’a kurashchilari «kichik olimpiada» medallari uchun bahslashdi. Unda yurtimiz sportchilari 6 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
2020 yili davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror esa milliy sportimizning rivojini tizimli ta’minlashni yo‘lga qo‘ydi.
Mazkur hujjat asosida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi va ular tuzilmasidagi tashkilotlarning iqtisodiy va ma’naviy mavqei mustahkamlandi. Kurash sport turi sifatida mahalla bo‘g‘inigacha kirib bordi. Qarorga binoan o‘nlab murabbiy-mutaxassislar ish bilan ta’minlandi.
Bu o‘z navbatida hududlarda kurash musobaqalari, mashg‘ulotlari qamrovini son va sifat jihatdan yuksaltirdi. Bugun biron-bir kun yo‘qki, mamlakatimizning qaysidir tumanida yoki mahallasida kurash bo‘yicha qaysidir musobaqa o‘tkazilmayotgan bo‘lsa.
Bundan tashqari, xalqaro musobaqalarni o‘tkazishga davlat tomonidan mablag‘ ajratilishi tufayli o‘tgan olti oy mobaynida Germaniya, Turkiya, Vengriya, Fransiya kabi davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun turnirlar tashkil etildi.
– Hozirda ham ushbu harakatlar davom etmoqda. Ayni kunlarda Tailandda kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. 9 sentyabr kuni AQSHning An’anaviy sport o‘yinlari tashkiloti tizimidagi musobaqalarga kurashni sport turi sifatida kiritish bo‘yicha memorandum imzolanishi, shuningdek, 10 sentyabr kuni AQSHning Florida shahrida, 11 sentyabr kuni Litva poytaxti Vilnyusda, 18 sentyabr kuni Ruminiya davlatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash turnirlari o‘tkazilishi belgilangan. Hozirda bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgan bo‘lib, mazkur musobaqa va tadbirlar kurash kuni doirasida tashkil etiladi, – deydi Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshidagi kurash bo‘limi boshlig‘i Kamol Usmonov.
Darhaqiqat, milliy g‘ururimiz bo‘lgan kurash mustaqil sport turi sifatida jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Xalqaro maydonda o‘tayotgan kurash musobaqalarida tili, e’tiqodi boshqa-boshqa bo‘lgan ming-minglab yoshlar O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan kurash yaktagida «kurash», to‘xta», «yonbosh», halol» kabi o‘zbekona iboralar yordamida bellashayotganligi, g‘oliblikka erishayotganligi O‘zbekistonning, azaliy qadriyatlarimizning tantanasi bo‘lmoqda.
To‘lqin RO‘ZIEV,
O‘zA