54 mingdan ortiq iste’molchiga keshbek to‘lab berilgan
Buxorolik 54 ming 200 nafardan ortiq iste’molchiga qariyb 793 million so‘m keshbek to‘lab berilgan. Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida yig‘ilgan keshbek summasi 21-25 martda to‘lab beriladi.
Joriy yil 1 yanvardan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida amalga oshirilgan xarid uchun berilgan onlayn nazorat-kassa texnikasi cheklari QR-kodini Soliq mobil ilovasida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar xarid summasidan 1 foiz keshbekka ega bo‘lmoqda.
Bunda, avtomobil sotib olganlik, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lovlar amalga oshirilganda olingan xarid cheklari uchun keshbek qaytarilmaydi.
Mablag‘ jismoniy shaxslarning bank kartalariga oy yakuni bilan qaytariladi.
Zarif Komilov, O‘zA