Xalqaro hamkorlik va raqamli texnologiyalar – agrar taraqqiyot omili
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Indorama Group” kompaniyasining Yevroosiyo biznesi direktori Prakash Keyrival bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligi va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda paxta yetishtirish jarayonlarini takomillashtirish, paxta hosilini yig‘ib olishda shaffoflikni ta’minlash hamda ushbu yo‘nalishda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan joriy etilgan axborot tizimlarining samaradorligi, ularning hosilni yig‘ib olish jarayonlarini nazorat qilish, ma’lumotlar shaffofligini oshirish va ish jarayonlarini tizimli tashkil etishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Tomonlar Toshkentda Xalqaro paxta kuni munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro forum va konferensiyalar paxtachilik sohasining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish, jahon paxta bozoridagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lganini ta’kidlashdi.

Uchrashuv agrar sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, paxtachilikda zamonaviy boshqaruv usullari va raqamli yechimlarni keng joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni izchil davom ettirishga qaratildi.
Ma’lumot o‘rnida, “Indorama Group” bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Indorama Agro” korxonasi 2018-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelmoqda. Korxona paxta va g‘alla yetishtirish, shuningdek, ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA