46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi: Avstriyani mag‘lub etgan jamoamiz bugun Turkiya bilan kuch sinashadi
Samarqandda davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi shiddatli va murosasiz bahslari bilan dunyodagi “aql gimnastikasi” ixlosmandlariga bir olam zavq tortiq etmoqda.
Kecha ortda qolgan 3-tur o‘yinlarida sovrinli o‘rinlarga da’vogar sanalgan AQSH, O‘zbekiston, Xitoy, Hindiston jamoalari ishonchli o‘yin namoyish etib, raqiblarini mag‘lub etgan vaziyatda Argentina jamoasi reytingda kuchlilar qatorida e’tirof etilgan Ukraina jamoasini, Eron Fransiya vakillarini dog‘da qoldirgani kunning eng shov-shuvli natijasi bo‘ldi.
Bugun, 19-sentabr kuni shaxmat olimpiadasining 4-turida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminovdan iborat O‘zbekiston-1 terma jamoasi Turkiya bilan kuch sinashadi.
Shuningdek, O‘zbekiston-2 jamoasi Yangi Zelandiya, O‘zbekiston-3 vakillari Yaman terma jamoasiga qarshi dona suradi.
[gallery-31512]
Bugun o‘tadigan AQSH-Ukraina, Ispaniya-Hindiston, Serbiya-Xitoy, Germaniya-Polsha, Gretsiya-Niderlandiya, Ozarbayjon-Chexiya kabi jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar turnirning markaziy bahslari sanaladi.

Ayollar jamoalari o‘rtasidagi bugungi 4-tur musobaqasida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Guldona Karimova, Nilufarxon Imomqo‘ziyevadan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Argentina, O‘zbekiston-2 vakillari Qirg‘iziston va O‘zbekiston-3 shaxmatchi qizlari Kuba vakillari qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Ortda qolgan 3-tur musobaqasida aytib o‘tganimizdek, O‘zbekiston-1 jamoasi Avstriya vakillarini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekiston-2 vakillari murakkab o‘yinda Germaniyaga 1,5:2,5 ko‘rinishida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, O‘zbekiston-3 shaxmatchilari Marokashni yengdi.
Xotin-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston-1 shaxmatchi qizlari Indoneziyani 3:1 hisobida taslim etdi. O‘zbekiston-2 shaxmatchilari esa Ispaniyaga xuddi shu hisobda (1:3) yutqazib qo‘ydi. O‘zbekiston-3 shaxmatchi qizlari Saudiya Arabistoni jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Bu natijada ham o‘z aksini topdi - 4:0.

Aytish lozim, 4-tur o‘yinlari ostonasida erkaklar jamoalari orasida 20 ta jamoa 6 ochko jamg‘arib, yuz foizlik natija bilan musobaqani davom ettirayotgan bo‘lsa, 6 ta jamoa 5, 59 ta jamoa esa 4 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Shaxmat olimpiadasining xotin-qizlar yo‘nalishida 21 ta jamoa 6 ochkoga, 8 ta terma jamoa 5 ochkoga ega bo‘lgan holda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 400 ta shaxmat jamoasi qatnashayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi musobaqalari 27-sentabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA