419 nafar aholiga moddiy ko‘mak ko‘rsatildi
Shirin shahrida 2025 yilning yanvaridan dekabriga qadar 419 nafar aholiga jami 4,575 milliard so‘m miqdorida nafaqa va bir martalik moddiy yordamlar berildi. Bu mablag‘ bolalikdan nogironlik nafaqasi, parvarish nafaqasi, yoshga doir nafaqa, nogironlik nafaqasi, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi va og‘ir nogiron hamda yolg‘iz keksalarga moddiy yordam kabi barcha turlarni qamrab oldi.
E’tiborli jihati, nafaqa va yordamlar elektron, ochiq va manzilli tarzda taqsimlanmoqda. Shuningdek, Prezidentning 2025 yil 2 apreldagi "Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida oilalarning kommunal xarajatlarini yengillashtirish maqsadida elektr energiyasi va gaz sarfi me’yordan oshgan qismi uchun kompensatsiyalar ham amalga oshirilmoqda. Iyun—dekabr oylari mobaynida 912 ta oiladan ariza qabul qilingan, shulardan 196 tasi tasdiqlanib, jami 11,1 million so‘m to‘lab berildi.
Qishki mavsum oldidan og‘ir toifadagi aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 592 ta oilaga bir martalik 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratildi. Ulardan 445 tasi reyestrdagi oilalar, 147 tasi esa mahalla yettiligi tomonidan aniqlangan ehtiyojmandlar hisoblanadi.
Shirin shahrida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da yil boshida 320 ta oila ro‘yxatda bo‘lgan bo‘lsa, shaharning umumiy oilalari soniga nisbatan bu 5,4 foizni tashkil etgan. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan oilalarning iqtisodiy holati qayta ko‘rib chiqilib, moddiy ahvoli yaxshilangan 97 ta oila ro‘yxatdan chiqarildi. Bu orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchilar soni 326 taga yetdi.
Shaharda aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mamlakatimizdagi ijtimoiy siyosatning amaliy ifodasi hisoblanadi. Nafaqa va moddiy yordamlar adolatli va shaffof tarzda taqsimlanishi har bir ehtiyojmand fuqaroga ko‘mak berishni ta’minlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA