40 yillik muammo bo‘yicha sudga da’vo kiritildi
Samarqand viloyatidagi adliya organlari xodimlari uyma-uy yurgan holda aholining huquqiy muammolarini manzilli tarzda o‘rganmoqda.
Viloyat adliya boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha 226 mahalladagi 1300 dan ortiq xonadonga kirilib, 500 dan ziyod huquqiy muammolar aniqlandi. Ularning 153 tasi hal etildi. Boshqa muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan. 270 nafar fuqaroga huquqiy hujjat loyihalari tayyorlab berilib, joylarda 1600 dan ortiq sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Shuningdek, fuqarolar manfaatini ko‘zlab, sudlarga 459 million so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. Hozirgacha 20 million so‘mlik ikkita da’vo qanoatlantirildi. Kiritilgan taqdimnomalar asosida fuqarolarga 276 million so‘mlik to‘lovlar undirib berilishi ta’minlandi.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahar FHDYO bo‘limi xodimlarining uyma-uy o‘rganishi davomida Yermachit mahallasida yashovchi fuqaro Nazira Mo‘minovaning 1980 yil tug‘ilgan va o‘sha yili vafot etgan farzandining o‘limi qayd ettirilmagani aniqlandi.
– Mazkur muammo ro‘yxatga olinib, sudga da’vo ariza kiritdik, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar FHDYO bo‘limi mudirasi Feruza Kamalova. – Shunday holat Zarifobod mahallasida ham kuzatildi. Fuqaro Xanifa Kabulovaning 2000 yilda, ikki yoshida vafot etgan farzandining o‘limi ham belgilangan tartibda qayd etilmagan ekan. Ushbu masala ham huquqiy yechim topadigan bo‘ldi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri