40 mingdan ortiq yoshlarning bandligi ta’minlangan
Poytaxtimizdagi “Congress Hall”da Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Toshkent yoshlar forumi – 2021” davom etmoqda.
Forum doirasida matbuot anjumani tashkil etildi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar uchun yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, yoshlarning ta’lim olishi, ish bilan ta’minlanishi, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va loyihalarini amalga oshirish uchun qilingan ishlarni sanab o‘tdi.

Qayd etilganidek, joriy yilda poytaxtimizda 14 ta mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 410 ta kasb-hunar markazi, 12 ta IT-o‘quv markazi va 80 ta kutubxona tashkil etildi.
2021 yilda umumiy hisobda 40 ming nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta’minlangan. Yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 167 milliard so‘m kredit ajratilgan. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi 550 nafar talabaning 3,5 milliard so‘m to‘lov kontrakt mablag‘i to‘lab berilgan.
Shundan so‘ng Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Forum yoshlarning davlat sektori rahbarlari, vazirlar, qator mamlakatlar elchilari, kino yulduzlari bilan uchrashuvlari, shuningdek, viktorinalar, modalar namoyishi, O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri konserti va boshqa tadbirlar bilan davom etmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA