35 ta davlat soliq inspeksiyasiga yangi rahbarlar tayinlandi
Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, ayniqsa, soliq ma’muriyatchiligini zamon talablari asosida takomillashtirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Ana shu jarayonlarning muhim amaliy bosqichlaridan biri sifatida Soliq qo‘mitasi tomonidan 35 ta davlat soliq inspeksiyasiga yangi rahbar kadrlar tayinlandi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tayinlovlarda asosiy e’tibor zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor, ishga kreativ yondashuvga ega hamda hududlarda soliq ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqish salohiyatiga ega yosh kadrlarni saralashga qaratilgan. Bu esa soliq organlarida ochiqlik, samaradorlik va natijadorlikni yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
So‘nggi yillarda raqamlashtirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va tadbirkorlar bilan munosabatlarni soddalashtirish soliq tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Yangi tayinlangan rahbarlardan ham aynan shu yo‘nalishlarda zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish, tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqotni kuchaytirish va hududlarda soliq intizomini mustahkamlash talab etilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, yangi tayinlovlar orasida xotin-qiz rahbar kadrlar ham munosib o‘rin egalladi. Xususan, Sugdiyona Niyozova Mexmonovna, Zaxro Umarova Furqat qizi, Munira Abdukayumova Safarovna hamda Maftuna Shoturayeva Elturayevnaning rahbarlik lavozimlariga tayinlangani soliq tizimida gender tenglikni ta’minlash va ayollarni boshqaruv jarayonlariga keng jalb qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatadi.
Mazkur yangilanishlar soliq organlari faoliyatini yanada samarali tashkil etish, hududlarda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash hamda davlat byudjeti tushumlarini barqaror ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Soliq qo‘mitasi tomonidan olib borilayotgan institutsional islohotlar kelgusida ham tizimda professional, tashabbuskor va xalq bilan ishlay oladigan rahbar kadrlar korpusini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA