30-yildan buyon ta’mirlanmagan yo‘l to‘liq qayta quriladi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro ahamiyatdagi M39 “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” magistral avtomobil yo‘lining 1255-1315 km (60 km) qismi 25 ming aholi istiqomat qiluvchi Dexqonobod tumani markazi Qorashina shaharchasidan o‘tgan bo‘lib, yo‘l bo‘yida aholi uylari, maktablar, kollejlar va boshqa ijtimoiy obyektlar zich joylashgan.
Ushbu uchastkada yo‘l qoplamasining ta’mirlararo muddatlari o‘tib ketgan (30-32-yil avval ta’mirlangan), bugungi kunda yo‘l qoplamasi va to‘shamasining 30 foiz qismi to‘liq buzilgan, qolgan qismi to‘liq ta’mirtalab. Yo‘lning ta’mirtalabligi va torligi undan foydalanuvchi haydovchilarda harakat chog‘ida noqulayliklar va xavf tug‘dirmoqda.
Yuqoridagi uchastkani to‘liq qayta qurish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan birgalikda “M39 “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” avtomobil yo‘lining 1255 – 1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi” ishlab chiqildi. Loyihani amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hamda Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida jami 153,9 million dollar miqdoridagi mablag‘larni ajratish to‘g‘risida qarz bitimlari imzolangan. OPEK jamg‘armasi qarz mablag‘lari 5-yillik imtiyozli davr bilan 20-yilga ajratiladi. Loyiha 2-yillik kafolat davrini hisoblagan holda 5-yil davomida 2024 – 2029-yillarda amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, “M39 “Olmaota–Bishkek–Toshkent–Shahrisabz–Termiz” avtomobil yo‘lining 1255–1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida 60 km uzunlikda 4 tasmali (xozirda 2 tasmali) sementbeton qoplamali avtomobil yo‘li quriladi. Shuningdek, M39 yo‘lining Dexqonobod tumani markazi Qorashina shaharchasini aylanib o‘tuvchi 17,2 km uzunlikdagi yangi yo‘l quriladi, 14 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha doirasida xarajatlarni 20 million dollargacha maqbullashtirish mumkinligi aniqlandi. Loyiha doirasida maqbullashtiriladigan 20 million dollar hisobidan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 22 ta vazn va hajm parametrini nazorat qilish punkti barpo etiladi. Pudrat va konsultant tashkilotlar belgilangan tartibda o‘tkaziladigan xalqaro tender asosida aniqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, kelgusida hududlarda pullik yo‘llarni amaliyotga joriy etish ham rejalashtirilgan. Mazkur loyiha orqali tegishli tartibda ta’mirlash va muntazam ta’mirlash uchun to‘lovlarni yetarli miqdorda undirishda byudjetga yukni kamaytirish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, avtotransport vositalarining harakatini tezlashtirish, umumiy yo‘llardagi yukni kamaytiradigan va transport vositalarining sig‘imini oshiradigan muqobil avtomobil yo‘nalishlarini yaratish hamda yo‘llarda baxtsiz hodisalar sonini kamaytirish kabi chora-tadbirlar belgilangan.
Pullik avtomobil yo‘llarining qurilishi muqobil bepul avtomobil yo‘li mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA