3 oyda 116,2 milliard so‘mlik yordam puli ajratilgan
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilib, fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatish qamrovi izchil kengayib bormoqda.
2026-yilning yanvar–mart oylari davomida 86,8 ming nafar fuqaroga jami 116,2 milliard so‘m miqdorida bir martalik ijtimoiy to‘lovlar to‘lab berilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilgan ushbu to‘lovlar aholini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, 47 ming 784 nafar fuqaroga 42,7 milliard so‘m miqdorida suyunchi puli, 39 ming 24 nafar fuqaroga 73,5 milliard so‘m miqdorida dafn nafaqasi to‘langan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bir martalik suyunchi puli birinchi farzand uchun — 42 ming 248 nafar ayolga, ikkinchi farzand uchun esa farzand tug‘ilgan paytda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan 5 ming 536 nafar ayolga to‘lab berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA