3 bahodan xoli umumta’lim maktabi
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 15-umumta’lim maktabida "O‘quvchilar bilim samaradorligini oshirishga yangicha yondashuv" mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 15-umumta’lim maktabida "O‘quvchilar bilim samaradorligini oshirishga yangicha yondashuv" mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi mas’ullari, hududdagi 44 ta umumta’lim maktabi direktori, o‘qituvchilari, ota-onalar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Seminarda o‘quvchilarning bilim olishga ishtiyoqini kuchaytirish, ta’lim dargohida o‘qitish samaradorligini yaxshilash, yoshlarda darsdan tashqari mustaqil mutolaa ko‘nikmasini shakllantirish bo‘yicha 15-umumta’lim maktabida tashkil etilgan "3" bahodan xoli umumta’lim maktabi" loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyiha bo‘yicha uchinchi chorak davomida o‘qishda, xulqi va jamoat ishlarida faol o‘quvchilarga badiiy kitoblar tarqatildi. Ularning ota-onalariga tashakkurnomalar berildi.
– Ushbu loyiha uch bosqichdan iborat, – deydi 15-umumta’lim maktabi direktori I.Bobojonov. – Birinchi bosqichda sinf rahbarlari o‘quvchilarning fanlardan olgan haftalik bahosi natijalarini jamlab monitoring qiladi. Bolalar qaysi fandan "3" bahoga o‘qiyotgan bo‘lsa, uning sabablari o‘rganilib, qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ikkinchi va uchinchi bosqichlarda esa har kuni maqol, she’r yodlash, aniq fanlardan mavzuga doir formulalar ustida ishlash va amaliy misollar yechishni yo‘lga qo‘ydik. O‘qituvchilarimizning mehnati, o‘quvchilarning tirishqoqligi tufayli loyiha o‘z samarasini berdi. O‘zlashtirishi past o‘quvchilar endi topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmoqda.
Bugungi kunda umumta’lim maktabida 499 o‘quvchi tahsil oladi. O‘tgan vaqt davomida yoshlar bilan olib borilgan ishlar tufayli past bahoga o‘qigan 185 o‘quvchining darslarda faolligi oshib, a’lochilar safiga qo‘shildi.
Seminarda ta’lim muassasalari rahbarlariga mahalla faollari, nuroniylar, profilaktika inspektori, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi bilan hamkorlikda ish olib borish, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, davomatni o‘rganish va tahlil natijalarini tanqidiy muhokama qilib borish vazifasi belgilandi.