2700 o‘rinli zamonaviy o‘quv majmuasi yoshlar ixtiyorida
Bugun Buxoro davlat universitetida yangi o‘quv yilining ilk kuni oddiy dars qo‘ng‘irog‘i bilan emas, balki ta’lim, ilm-fan va yoshlar kelajagi uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilishi bilan boshlandi. 2700 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi universitet hayotidagi navbatdagi bunyodkorlik voqeasi bo‘lish bilan birga, Buxoroda zamonaviy ilm-ma’rifat muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
2026-2027 o‘quv yilining boshlanishi, “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri hamda yangi o‘quv binosining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan marosimda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, taniqli adib va shoir, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov, respublika va viloyat miqyosidagi mehmonlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
— Bugungi tadbir faqat yangi o‘quv yilining boshlanishi emas. Bu — yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotgani, ta’lim va ilm-fanga qaratilayotgan ulkan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi, Buxoro ta’lim tizimi taraqqiyotidagi muhim qadamdir, — dedi Botir Zaripov. Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun munosib sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi, zamonaviy kasblarni egallashi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buxoro davlat universitetida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari ham ana shu ezgu maqsadlarning hududdagi amaliy ifodalaridan biridir.
Bugun foydalanishga topshirilgan majmua universitetning o‘z mablag‘lari hisobidan 86,5 milliard so‘m yo‘naltirilishi natijasida barpo etildi.
Majmua tarkibidan 2700 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi, Quyosh fizikasi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Axborot-resurs markazi hamda 400 o‘rinli talabalar turar joyi o‘rin olgan.
Bu raqamlar ortida esa minglab yoshlarning taqdiri, ularning sifatli ta’lim olishi, yangi g‘oyalar ustida ishlashi, ilmiy kashfiyotlarga intilishi va kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar mujassam.
Yangi o‘quv binosida zamonaviy auditoriyalar, ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga mo‘ljallangan xonalar, axborot-resurs infratuzilmasi va talabalar uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
[gallery-31283]
Eng muhimi, yangi bino shunchaki yana bir inshoot emas. U — zamonaviy bilim, innovatsion g‘oya va ilmiy izlanishlar uyg‘unlashadigan yangi ta’lim makoni.
Tantanali marosimda faxriy mehmonlar tomonidan ramziy qizil lenta kesilib, yangi o‘quv binosi rasman foydalanishga topshirildi. Universitet jamoasiga yangi majmuaning ramziy kaliti tantanali ravishda taqdim etildi.
Buxoro davlat universitetidagi bugungi yangilanishlar bilan jarayon to‘xtab qolmaydi.
Prezident tashabbusi bilan universitetning kelgusi taraqqiyoti uchun yanada ulkan loyihalarga qadam qo‘yilmoqda.
Xususan, 30,2 gektar maydonda Buxoro davlat universitetining yangi zamonaviy kampusi barpo etilmoqda. Mazkur kampus tarkibida 20 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 5400 o‘rinli talabalar turar joylari qurilishi rejalashtirilgan. Bu — oddiy qurilish loyihasi emas. Bu loyiha orqali Buxoroda ta’lim va ilm-fanning yangi avlodi uchun ulkan intellektual makon yaratiladi. Zamonaviy laboratoriyalar, ilg‘or ta’lim texnologiyalari, ilmiy-tadqiqot muhiti va talabalar uchun qulay infratuzilma bir nuqtada mujassamlashadi.
Natijada Buxoro davlat universitetining ta’lim va ilm-fan salohiyati yanada kengayadi, uning mamlakatimizdagi nufuzi mustahkamlanadi. Eng muhimi, Buxoro nafaqat o‘zining qadimiy madaniy va ma’naviy merosi, balki zamonaviy ta’lim va ilm-fan markazi sifatida ham yangi qiyofa kasb etadi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov ham talaba-yoshlarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularni bilim, ilm-fan va ma’rifat yo‘lida izlanish va, zamonaviy axborot va media muhitida faol bo‘lishga chaqirdi.
“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov esa yoshlarga ezgu tilaklarini bildirib, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, yuksak bilim va keng dunyoqarashga ega, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan yetuk mutaxassislar bo‘lib kamol topishlari muhimligini ta’kidladi.
Yangi o‘quv yilining birinchi kunida ochilgan mazkur majmua Buxoro davlat universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni yuksaltirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tadbir ishtirokchilari yangi o‘quv binosi, Quyosh fizikasi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Axborot-resurs markazi va boshqa zamonaviy infratuzilma ob’ektlarini ko‘zdan kechirib, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari