25 milliard so‘mlik davlat xaridlarida qonun buzilishi aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring va o‘rganishlar davomida 25 milliard so‘mdan ortiq xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Jizzax viloyatida qiymati 1,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan bir nechta xarid jarayonida ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilgani va talabgorlar noto‘g‘ri baholangani ma’lum bo‘ldi. Mas’ullarga nisbatan tegishli ishlar qo‘zg‘atilib, majburiy ko‘rsatmalar berildi, ma’muriy bayonnomalar esa sudga yuborildi.
Sirdaryo viloyatidagi «Sirdaryo IES» filialida o‘tkazilgan 22,5 milliard so‘mlik tender ham o‘rganildi. Unda raqobat va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Farg‘ona viloyatida esa Marg‘ilon shahar Obodonlashtirish boshqarmasi hamda Buvayda tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasida o‘tkazilgan xaridlar o‘rganildi. Umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard so‘mlik savdolarda qonunchilik talablariga rioya qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Bu holatlar bo‘yicha ham ishlar qo‘zg‘atilib, mas’ul mansabdorlarga nisbatan ma’muriy tartibda chora ko‘rish uchun hujjatlar sudga taqdim etildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan holatlarning asosiy qismi xarid ishtirokchilariga asossiz talablar qo‘yilishi, ularni noto‘g‘ri baholash va raqobat qoidalariga rioya etmaslik bilan bog‘liq.
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida monitoring ishlarini davom ettirmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA