23-iyun – Xalqaro olimpiya kuni
23-iyun — Xalqaro olimpiya kuni dunyo bo‘ylab sport, tinchlik va birdamlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi muhim sana sifatida keng nishonlanadi.
Ushbu sana zamonaviy olimpiya harakatining asoschisi baron Per de Kuberten tashabbusi bilan 1894-yilda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga bag‘ishlangan.
Bundan roppa-rosa 132 yil avval qo‘yilgan tarixiy qadam olimpiya harakatining tiklanishiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Shu bois 23-iyun xalqaro miqyosda “Olimpiya kuni” sifatida e’tirof etilib, dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi.
Bugungi kunda Xalqaro olimpiya kuni dunyoning 205 ta davlatida turli sport va sog‘lomlashtirish tadbirlari orqali keng nishonlanmoqda. Unda millionlab insonlar ommaviy yugurishlar, musobaqalar va sport aksiyalarida faol ishtirok etadi.
Ushbu tadbirlarning asosiy maqsadi jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, olimpizm g‘oyalarini singdirish, shuningdek, yoshlar va kattalar qalbida sportga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytirishdan iborat.
O‘zbekistonda ham ushbu sana keng miqyosda nishonlanib kelinmoqda. Mamlakatimizda sportni ommalashtirish, yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb etish hamda olimpiya qadriyatlarini targ‘ib qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz sportchilari xalqaro maydonlarda munosib natijalar qayd etib, Olimpiya o‘yinlari va qit’a chempionatlarida yuksak pog‘onalarga ko‘tarilmoqda. Bu esa yurtimizda olimpiya harakatining tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA