2026-yil 1-iyuldan lift nazorati bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyuldagi “Liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan “Liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu hujjat bilan 2026-yil 1-iyuldan boshlab mamlakatda liftlarni nazorat qilish va texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha yangi talablar amaliyotga joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, barcha liftlar belgilangan muddatlarda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi shart. Bu ishlar faqat vakolatli va maxsus ruxsatnomaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Texnik ko‘rik natijasida liftning umumiy holati baholanadi va undan foydalanishga ruxsat berilgan yoki berilmagani aniqlanadi.
Agar lift nosoz yoki xavfli deb topilsa, undan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Bunday holatda lift to‘liq ta’mirlanmaguncha va xavfsiz holatga keltirilmaguncha ishlatishga ruxsat berilmaydi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, liftlarga maxsus belgilar qo‘yiladi. Yashil belgi - lift to‘liq foydalanishga yaroqli ekanini anglatadi. Ko‘k belgi - yengil nosozliklar mavjudligini va cheklangan holda foydalanish mumkinligini ko‘rsatadi. Sariq belgi - jiddiy nosozlik borligini va tezkor ta’mir talab etilishini anglatadi. Qizil belgi esa liftdan foydalanish o‘ta xavfli ekanini bildiradi.
Fuqarolardan liftdan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lish, eshiklarni majburan ochmaslik, ortiqcha yuk bilan kirmaslik, bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik hamda har qanday nosozlik holatini mas’ul tashkilotlarga zudlik bilan xabar qilish so‘raladi. Shuningdek, “xavfli” yoki “taqiqlangan” belgisi qo‘yilgan liftlardan umuman foydalanmaslik tavsiya etiladi.
Bino egalari va boshqaruv tashkilotlari liftlarning texnik holatini doimiy nazorat qilib borishi, ularni o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazishi va xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilishini ta’minlashi zarur.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmatiga ko‘ra, lift xavfsizligini ta’minlash inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishda muhim omil hisoblanadi. Shuning uchun liftlardan foydalanish qoidalariga qat’iy amal qilish, ularni muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazish va nosozlik holatlarida mas’ullarga o‘z vaqtida xabar berish ehtimoliy ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA