2021 yilgi davlat byudjetida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Moliya vazirligida videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan majlisda davlat byudjetining 9 oylik yakunlari bo‘yicha ijrosi, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hamda “2021 yil uchun soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan majlisda Senat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev, moliya vaziri o‘rinbosarlari Ahadbek Haydarov, Dilshod Sultonov va boshqalar davlat byudjetiga doir masalalar hamda ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi.
Yig‘ilishda moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov davlat byudjetining 9 oylik yakunlari hamda 2021 yilgi davlat byudjeti to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlaganidek, joriy yilning 9 oyida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti daromadlari 94,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,3 trillion so‘mga ko‘pdir.
– Joriy yil uchun davlat byudjeti xarajatlari 131,1 trillion so‘m miqdorida, shundan respublika byudjeti xarajatlari 95,7 trillion so‘m hamda mahalliy byudjetlar xarajatlari 35,4 trillion so‘m miqdorida tasdiqlangan edi, – dedi A.Haydarov. – Biroq koronavirus pandemiyasining tarqalishi, karantin choralarining ko‘llanilishi va bahor mavsumida yuz bergan tabiiy ofat va texnogen avariyalar davlat byudjeti xarajatlariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritdi. Shuningdek, respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga 2020 yil 9 oyida 79 trillion so‘m mablag‘ ajratilib, amalga oshirilgan xarajatlar esa 75 trillion so‘mga yoki aniqlangan rejaga nisbatan 95 foizga ijro etildi.
Majlisda “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 83-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgani ta’kidlandi.
[gallery-351]
Kelgusi yil uchun mo‘ljallangan davlat byudjetini ishlab chiqishdagi o‘zgarishlarda mamlakat hududlarida o‘rganilgan takliflar inobatga olingan. Xususan, unda 2021 yil uchun mo‘ljallangan byudjet mablag‘larini ishlab chiqishda ishtimoiy nafaqaga muhtoj oilalarga alohida e’tibor qaratiladi. Ularga ijtimoyi nafaqa berish tartiblari yengillashtiriladi.
–Masalan, kelgusi yilda davlat dasturlari ijrosi bo‘yicha mablag‘lar ajratish masalasi yanada tizimli tashkil etiladi, – dedi A.Haydarov. – Deylik, sog‘liqni saqlash tizimida, onkologik kasalliklar dasturi bo‘yicha 126 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash tizimining barcha tadbirlari uchun 4 trillion so‘m, koronavirusga qarshi kurashish va vaksina uchun 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sohalari rivoji yo‘lida mablag‘lar belgilandi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tahlillar natijasida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 440 nafardan ortiq chin yetimni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 30 milliard mablag‘ ajratilmoqda.
Qayd etilganidek, 2021 yil uchun davlat byudjeti daromadlari 147,2 trillion so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olmagan holda 149,9 trillion so‘m belgilangan. Xususan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 23,5 trillion so‘m, xarajatlari 36,5 trillion so‘mni tashkil etgan holda davlat byudjetidan 14,7 trillion so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Davlat moliyasini boshqarishning xalqaro standartlariga muvofiq byudjet qamrovini oshirish hamda to‘liqligini ta’minlash uchun 2021 yildan boshlab tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga rejalashtirilayotgan xarajatlarni konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritish taklif qilinmoqda. 2021 yilda ushbu xarajatlar 12,1 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Misol uchun aytganda, 2021 yilda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish uchun Jahon bankidan 31,5 million AQSH dollari, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyatini takomillashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 25,2 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar konsolidatsiyalashgan byudjetda o‘z aksini topgan.
Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA