20 nafar qashqadaryolik yoshga “Prezident sovg‘asi” sifatida uy-joy kalitlari topshirildi
Qashqadaryo viloyati hokimligida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, uy-joyga muhtoj 20 nafar yoshga yangi xonadon kalitlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tantanali tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi va e’tibori bilan mazkur toifadagi yoshlarga “Prezident sovg‘asi” sifatida xonadon kalitlarini topshirdi.
Viloyat hokimi davlatimiz rahbarining yoshlarga qaratayotgan yuksak ishonchi va e’tiboriga munosib javob sifatida ularning bilim olib, kasb-hunar egallashi, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Uy-joy kalitini qabul qilib olgan yoshlar orasida Koson tumanida yashovchi Shahzoda Nurmatova ham bor. U imtiyoz asosida Qarshi davlat universitetining Ijtimoiy fanlar fakulteti psixologiya yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingan bo‘lib, hozirda birinchi bosqich talabasi sanaladi.
Shahzodaga tug‘ilib o‘sgan Koson tumanining Do‘stlik mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan bir xonali xonadon kaliti topshirildi.
[gallery-29722]
– Bugun hayotimdagi eng quvonchli va unutilmas kunlardan biri bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining biz kabi yoshlarga qaratayotgan e’tibori va ishonchini oqlashga harakat qilaman. Kelgusida yetuk psixolog bo‘lib yetishib, xalqimizga xizmat qilishni maqsad qilganman, – deydi Shahzoda Nurmatova.
O‘tgan yili Yangi yil bayrami arafasida ham uy-joyga muhtoj bo‘lgan 25 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum qashqadaryolik yoshga “Prezident sovg‘asi” sifatida xonadon kalitlari topshirilgan edi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari