“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalda
“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tadbirkorlarga berilgan yengilliklar va moliyaviy rag‘batlar aholi bandligini ta’minlash hamda malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Dastur doirasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar hokimlik va vazirliklar bilan tegishli hamkorlik shartnomalarini imzolaydi.
Buxoro viloyatida shu kunga qadar ushbu dastur doirasida yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan 22 ta tadbirkorlik sub’ektining hamkorlik shartnomalarini tuzish uchun bergan arizalariga viloyat adliya boshqarmasi hamda shahar adliya bo‘limi tomonidan ijobiy xulosa berilgan.
Tadbirkorlarning 18 tasi 51 tadan 100 tagacha, 2 tasi 101 tadan 200 tagacha hamda yana 2 tasi 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan. Buning natijasida ushbu korxonalarda jami 1 700 dan ortiq ishsiz fuqaroning doimiy ish bilan bandligi ta’minlanadi.

Viloyatning chekka hududlaridan sanalgan Qorovulbozor tumanida faoliyat olib borayotgan “Anvarjon metal servis-2020” korxonasi ham ushbu dasturga muvofiq, hamkorlik shartnomalari asosida yil yakuniga qadar jami 51 ta yangi ish o‘rni yaratish orqali soliq yengilliklaridan foydalanmoqchi.
–Bu dastur orqali tizimli ishlarni boshlab yubordik, – deydi korxona rahbari Anvar Bozorov. –Hamkorlik shartnomalari asosida yil yakuniga qadar jami 51 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirdik. Dastur orqali biz tadbirkorlarga berilgan yengilliklar va moliyaviy rag‘batlardan foydalanamiz.
Shuningdek, Kogon tumanida faoliyat yuritayotgan “Ochilov fayz biznes” korxonasi ham dastur doirasida malakali mutaxassislarni tayyorlab ularning sonini 200 tagacha yetkazishni maqsad qilgan.

Ta’kidlash lozim, Savdo-sanoat palatasi tomonidan dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat berilgan tadbirkorlik sub’ektlariga 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – mol-mulk va yer solig‘i 50 foizga, 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – mol-mulk va yer solig‘i 75 foizga kamaytiriladi. 200 tadan ziyod yangi ish o‘rni yaratilganda mol-mulk va yer solig‘idan to‘liq ozod etiladi.
Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga barcha soliqlarni (QQS va soliq agenti sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) hamda bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va (tashkil etilayotgan ish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda) tegishincha 3, 6 va 12 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri