20 ming kishi ijrosida namoyish etildi
Andijonda “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomi doirasida qator madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Andijon shahridagi “Bobur-arena” stadionida o‘tkazildi. Asrlar davomida xalqimizning shodon ruhi, milliy g‘ururini o‘zida mujassam etgan “Andijon polkasi” raqsini jahon miqyosida e’tirof etilishini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati hokimligi tashabbusi hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, xalqaro TURKSOY tashkiloti qo‘llab-quvvatlovi bilan ushbu milliy raqsni 20 ming kishi ishtirokida ijro etish orqali Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish bo‘yicha yirik madaniy tadbir tashkil etildi.

Xalqaro ekspertlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, muxlislar kuzatuvidagi raqs ijrosi o‘ziga xos, bayram shousiga aylandi. Tadbir ishtirokchilarga nafaqat bayramona kayfiyat, balki tarixiy lahzalarga guvoh bo‘lish hayajonini ham ulashdi.
– “Andijon polkasi” raqsini ijro etishda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 20 ming nafar andijonliklar ishtirok etishdi, – deydi Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhaboxon Sattorova. – Raqsni ommaviy ijro etishga tayyorgarlik jarayonida madaniyat va ta’lim muaassasalarida faoliyat olib borayotgan 60 nafardan ziyod baletmeyster va mutaxassislar ijrochilar bilan ish olib borildi.


Turli yoshlardagi 20 ming nafar kishi ijrosidagi “Andijon polkasi” raqsi namoyishi Turksoy madaniy tadbirlari doirasidagi muhim tashabbuslardan biridir.
Ushbu raqs ijrosi xalqaro ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ginnesning rekordlar kitobiga kiritish bo‘yicha natija e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, “Andijon polkasi” - o‘zbek xalq kuyi va shu nomdagi milliy raqs bo‘lib, u xalqimizning shodon kayfiyati, hayotsevarligi va milliy ruhini o‘zida mujassam etadi. Ushbu raqs o‘tgan asrning 20-yillarida andijonlik mashhur sozanda, bastakor va aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Orif garmon Toshmatov tomonidan yaratilgan va xalq orasida keng ommalashgan.
Kuy 2/4 yoki 4/4 musiqa o‘lchovida yaratilgan bo‘lib, sho‘x va jo‘shqin ritmi, yengil hamda harakatchan ohangi bilan ajralib turadi. Unda o‘zbek mumtoz musiqasi an’analari, surnay, qo‘shnay va garmonga xos ohanglar uyg‘unlashgan. Shu bois “Andijon polkasi” nafaqat musiqiy asar, balki milliy xarakterni ifodalovchi madaniy ramz sifatida ham qadrlanadi.


“Andijon - 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Nigora RAHMONOVA,
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari