20 dan ziyod davlatlarning yosh dzyudochilari Toshkentda Osiyo chempionligi uchun kurashadi
Bugun, 28-may kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlagan Osiyo kubogi boshlanadi.
Osiyo kubogi dasturiga binoan 28-29-may kunlari o‘smirlar o‘rtasida bellashuvlar tashkil etilsa, 30-31-may sanasida yoshlar orasida kuchlilar aniqlanadi.
Musobaqada yurtimiz dzyudochilaridan tashqari Rossiya, Ozarbayjon, Gruziya, Eron, Mo‘g‘uliston, BAA, Qozog‘iston, Xitoy Taypeyi, Hindiston, Shri-Lanka, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi, Saudiya Arabistoni kabi 20 dan ziyod davlatlardan kelgan 1200 nafarga yaqin sportchi yoshlar g‘oliblik yo‘lida kurash olib boradi.
Kecha mazkur nufuzli musobaqa oldidan qur’a tashlash marosimi hamda bellashuvlarni boshqarib boradigan hakamlar uchun seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Qur’a tashlash tadbirida Osiyo dzyudo ittifoqi Referi direktori Akinobu Osako, Xalqaro dzyudo federatsiyasi yetakchi mutaxassisi Abdullo Murodov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bosh kotibi Aziz Sobirov ishtirok etdi.
Musobaqalarni boshqarib boradigan hakamlar uchun o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar asosida tashkil etilgan seminarda Osiyo kubogida referilik qiladigan yurtimiz va xorijdan taklif etilgan hakamlar qatnashdi.
Seminar hakamlik sifatini oshirish, tatamida o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish va yangilangan qoidalarni bir xilda qo‘llashga qaratildi.
Seminarda hakamlikdagi yangiliklar haqida so‘z yuritilib, yaqinda Tailandda o‘tgan Osiyo chempionatidagi ayrim bahsli vaziyatlar video materiallar asosida tahlil qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA