G‘ilon olmalari: tog‘ bag‘rida yaratilgan baraka
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani tog‘lari bag‘rida joylashgan G‘ilon qishlog‘iga kirib borgan kishi avvalo uning so‘lim tabiati, musaffo havosi va zilol suvli buloqlariga e’tibor qaratadi. Biroq bu hududning yana bir o‘ziga xos jihati bor: tog‘ yonbag‘irlaridagi har bir qarich yerdan unumli foydalanib, bog‘ yaratayotgan aholi mehnati.
Bu yerda dehqonchilikning, ayniqsa, bog‘dorchilikning o‘ziga xos an’analari shakllangan. G‘ilon olmasi esa bu hududda yetishtiriladigan mahsulotlar orasida alohida o‘rin tutadi. Tabiiy sharoit, suv va bog‘bonning yil bo‘yi davom etadigan mehnati birlashib, xaridor izlaydigan shirin va xushta’m meva yetishtirish imkonini bermoqda.
Hozir qishloqda olma hosilini yig‘ishtirish avjida. Erta bahordan boshlangan mehnatning natijasi endi ko‘zga ko‘rinadi. Bog‘larda daraxtlar mevaga to‘la. Ayrim xonadonlarda esa hosilni yig‘ishtirish bilan birga uni xaridorga yetkazish ishlari ham boshlangan.
G‘ilonlik bog‘bon Najmiddin Nuriddinovning 12 sotix olmazori bor. Unda Kripson va Goldin navlariga mansub 35 tup olma daraxti parvarishlanmoqda. Daraxtlar 4x4 metr sxemada ekilgan. Yerdan yanada samarali foydalanish maqsadida ular oralig‘iga nok ko‘chatlari ham o‘tqazilgan.
– Mehnatimizga yarasha mevasini beradi, – deydi N.Nuriddinov. – 12 sotix bog‘dan mavsumga qarab 2-2,5 tonna hosil olamiz. Albatta, bu bahorning qanday kelishiga ham bog‘liq. Do‘l urib ketsa, hosil zarar ko‘rishi mumkin. Shuning uchun erta bahordan bog‘ni parvarishlashga kirishamiz. Daraxtlarning tagiga ishlov beramiz, shakl beramiz, mahalliy o‘g‘itlar solamiz, dorilaymiz. Yoz bo‘yi ish to‘xtamaydi.
[gallery-31811]
G‘ilonda bog‘dorchilikning mashaqqati ham shundan. Tog‘ bag‘ridagi yerning katta qismi toshloq. Shu bois oddiy tekislikdagi kabi ko‘chat o‘tqazib, hosil kutishning o‘zi yetarli emas. Bog‘bonlar avvalo yerni tayyorlaydi, zarur joylarga tuproq tashiydi, keyin ko‘chat o‘tqazib, uni yillar davomida parvarish qiladi.
Bu mehnatni Najmiddin Nuriddinov ham oila a’zolari bilan birga bajaradi. Ya’ni G‘ilondagi bog‘dorchilik nafaqat daromad manbai, balki xonadon a’zolarini bir maqsad atrofida birlashtiradigan oilaviy mehnat maktabi hamdir.
– Yerimizning asosiy qismi toshloq. Uning ustiga tuproq tashib bog‘ yaratamiz. Mehnati og‘ir. Lekin suv va ob-havo juda ajoyib. Shuning evaziga olmalarimizning ta’mi o‘zgacha, – deydi bog‘bon.
Darhaqiqat, G‘ilonning tabiiy sharoiti mevachilik uchun muhim omillardan biri. Tog‘ havosining salqinligi, buloq va chashmalarning ko‘pligi, suvning musaffoligi hududda yetishtiriladigan mahsulot sifatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
G‘ilon mahallasi raisi Sharofiddin Haqnazarovning ta’kidlashicha, qishloqdagi deyarli har bir xonadonda mevali bog‘ bor.
– Hududimizda 5 ming 530 nafar aholi yashaydi, 1 ming 268 ta xonadon bor. Ularning har birining tomorqasida mevali bog‘i mavjud. Hozir hosilni yig‘ishtirish avji. Kimni qidirmang, bog‘idan topasiz. Xaridorlarning o‘zi ham shu yerga kelib, mahsulotni olib ketyapti, – deydi mahalla raisi.
Bu raqamlar G‘ilonda bog‘dorchilik ayrim xonadonlarga xos mashg‘ulot emasligini ko‘rsatadi. U qishloq aholisining kundalik mehnati va turmush tarziga singib ketgan xo‘jalik yo‘nalishiga aylangan. Bir tomorqada bir necha o‘n tup daraxt bo‘lsa, boshqa xonadonda undan ham kattaroq bog‘ barpo etilgan. Har bir xonadon o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, mavjud yerdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda.
G‘ilonliklar faqat olma yetishtirish bilan cheklanib qolmagan. Mahallada kartoshkachilik ham yaxshi rivojlangan. Demak, tog‘ hududidagi dehqonchilikning o‘ziga xos modeli shakllangan: bir tomonda bog‘dorchilik, ikkinchi tomonda kartoshkachilik, har ikkisida esa oilaviy mehnat asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, mahsulotning bozorga chiqarilishida ham hududning nomi muayyan ahamiyat kasb etmoqda. Xaridorning bog‘ning o‘ziga kelib mahsulotni olib ketishi ortiqcha vositachilik xarajatlarini kamaytirib, bog‘bon uchun qulaylik yaratadi. Bu esa hosilni yetishtirish bilan birga uni sotish masalasi ham yo‘lga qo‘yilayotganini anglatadi.
G‘ilon misolida yana bir jihat ko‘zga tashlanadi: tog‘ hududida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish faqat katta maydonlar yoki yirik xo‘jaliklar hisobiga emas, balki xonadonlar tomorqasidan samarali foydalanish orqali ham iqtisodiy faollikni oshirish imkonini beradi.
12 sotixlik olmazordan 2-2,5 tonna hosil olish imkoniyati esa tomorqa yerlarining iqtisodiy salohiyatini yaqqol ko‘rsatadi. Albatta, bunda hosildorlik ob-havo, suv ta’minoti, nav, agrotexnika va parvarishga bevosita bog‘liq. Ammo G‘ilon tajribasi tabiiy imkoniyatdan oqilona foydalanish va unga mehnatni qo‘shish orqali tog‘ hududlarida ham samarali bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘yish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Bugun G‘ilon bog‘laridagi olmalar terib olinmoqda. Erta bahorda esa bu daraxtlar yana gullaydi. Bog‘bonlar yana yerga ishlov beradi, shoxlarga shakl beradi, o‘g‘itlaydi, dorilaydi. Ya’ni bugungi hosil – bir mavsumlik mehnat emas, yil davomidagi mashaqqatli ishning natijasi.
Tog‘ bag‘ridagi G‘ilonning tabiiy ne’matlari bog‘bon mehnati bilan qo‘shilganida esa oddiy bir olma emas, hududning o‘ziga xos ta’mi va mehnat samarasini o‘zida mujassam etgan mahsulot dunyoga keladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari