150 yoshli O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bu yil ochiladimi?
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi nafaqat yurtimizdagi balki Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va boy muzeylardan biri. Keling bu muzeyning tarixi haqida biroz to‘xtalsak.
Jurnalistning uyida ochilgan Markaziy Osiyodagi ilk muzey

1867-yilda Turkiston General-gubernatorligi tashkil topgan. Turkiston haqidagi materiallarning tizimlashtirilishi va hujjatlashtirilishi keyinchalik Rossiya va Yevropa olimlarining mintaqa bo‘yicha tadqiqotlar olib borishiga mustahkam zamin yaratdi. Shu jarayonda o‘lkashunoslik harakatiga asos solinib, muzey faoliyati kelajakdagi izlanishlar uchun muhim markazga aylandi. Bu tashabbus keyinchalik turli shaharlarda muzeylar, ilmiy jamiyatlar tashkil etilishi va arxeologik qazishmalar olib borilishiga yo‘l ochdi. Umuman olganda, A.P. Fedchenkoning muzey tashkil etish haqidagi g‘oyasi Turkistonda fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyotida muhim burilish bo‘ldi.
Mazkur masala 1872 yil 4 yanvardagi majlisda ham A.P. Fedchenko tomonidan ko‘tarilgan bo‘lib, bunga Umumrossiya Politexnika ko‘rgazmasiga tayyorgarlik jarayonida o‘lkani to‘laqonli namoyish etish uchun muzey yoki unga tenglashuvchi muassasaning mavjud emasligi sabab bo‘lgan.
Biroq 1873 yilda A.P. Fedchenkoning fojiali vafotidan so‘ng Turkistonda muzey ishini yo‘lga qo‘yish borasidagi tashabbuslar bir necha yilga to‘xtab qoldi. Bu holat uning shaxsiy tashabbusi va yetakchiligi mazkur sohada qanchalik muhim ahamiyatga ega bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi.
1876-yil 12 iyulda Turkiston general–gubernatori Fon Kaufman boshchiligida Toshkentda yashab istiqomat qilayotgan bir qator olimlar, tabiatshunos va sayyohatchilar Ieronim Ivanovich, Yuriy Dimitriyevich, Aleksandr Ilich Vilkins, Nikolay Aleksandrovich Mayevlar Toshkent ommaviy muzeyini shakllantirdilar. Shu yilning iyul oyida Toshkent muzeyi o‘zining ilk tashrifchilarini Romanovskiy (hozirgi Sharof Rashidov) ko‘chasida joylashgan N.A. Mayevning kvartirasida qabul qiladi. Nikolay Mayev - rus yozuvchisi, jurnalist, general-mayor. O‘sha vaqtda u “Turkestanskix Vedomostyax” gazetasi bosh muharriri edi. Shu bois matbuotdagi chiqishlari va tashkiliy ishlari bilan muzey rivojiga hissa qo‘shgan.

Nikolay Aleksandrovich Mayev (Manbaa: Vikipedia)
Hozirga qadar muzeyning nomlari tarixiy, siyosiy va tarmoqlashuv sabablariga ko‘ra bir necha bor o‘zgargan. Masalan, Toshkent muzeyi nomi butun o‘lka tarixini anglatmas edi. Shu sababli bu muzey “Turkiston xalq o‘lkashunoslik muzeyi”(1918-y), “O‘rta Osiyo Bosh muzeyi”(1922-y), “Markaziy tarix va inqilob tarixi muzeyi”(1933) va shu kabi ko‘plab nomlar ostida qayta tashkil etilgan. 1992-yildan boshlab esa hozirgi nom bilan atala boshlangan. Ilk muzey sifatida ushbu ilmiy muassasa keyinchalik ko‘plab muzeylar uchun maktab va manbaa vazifasini o‘tadi. 1930-yilda ilk bor O‘rta Osiyo tabiat va ishlab chiqarish kuchlari muzeyi ushbu muzeydan ajralib chiqdi. Mustaqillik davrida va undan oldin asos solingan 100 ga yaqin muzeylar ushbu muzey fondlarida saqlanayotgan eksponatlar va ma’umotlar asosida to‘ldirildi. (Ushbu ma’lumotlar B.R.Xodjayevning “O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi tarixi va zamonaviy rivojlanish tamoyillari” PhD desertatsiyasidan olindi.)
Nega muzey rekonstruksiya qilinishi kerak edi?

Hozir O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi joylashgan bino 1970-yilda qurilgan bo‘lib, modernizm davriga oid arxitektura yodgorligi sifatida moddiy, madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Ammo uzoq vaqt davomida rekonstruksiya qilinmaganligi sabab isitish-sovutish tizimi eskirgan, fasad qismidagi marmardan ishlangan badiiy bezak namunalari o‘rnidan ko‘chib ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, binoda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulayliklar yaratilmagan edi. Shuningdek, muzey ekspozitsiyasi so‘ngi bor 2003-yilda yangilangan. Albatta so‘nggi 20 yilda yurtimiz tarixi uchun muhim faktlar, raqamlar va artefaktlar topilgan. Ekspozitsiyani Yangi O‘zbekiston g‘oyalariga mos ravishda zamonaviy standartlar asosida yangilash albatta muhim qaror edi. Shu sabablar tufayli Vazirlar mahkamasining 2024-yil 3-iyundagi 352-sonli farmoyishi bilan ta’mirlash hamda rekonstruksiya ishlari boshlangan.
2026-yilda muzeydan nimalar kutilmoqda?
“2026-yil O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 150 yilligiga mana shunday chiroyli ta’mirdan chiqqan muzey sifatida kirib keldi muzeyimiz. Yaqin kunlarda uning ochilishini e’lon qilamiz, ta’mirlash ishlari deyarli yakunlandi, Bu muzeyning yangi qiyofasi, tarixiy vaqealarning yangi talqini, yangicha yondoshuvlariga tashrifchilarimiz yaqin orada o‘zlari baho berishadi, Shuningdek, yangilangan ekspozitsiyada tariximizning har bir davriga batafsil to‘xtaladi, eng qadimgi davr, davlatchilikning shakllanishi, birinchi va ikkinchi renessans davrlari, xonliklar va rus istilosi davrlari haqida ham ma’lumotlar kengroq yoritilgan. Shuningdek, 150 yillik yubiley munosabati bilan muzeyda bir qancha kitoblar nashr etilishi reja qilingan. 2026-yilda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamyurtlarimiz va xalqaro tashrifchilar uchun ajoyib sovg‘alar tayyorlamoqda.” - Jannat Ismailova O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, Tarix fanlari doktori, professor.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XmZkaTcoB80" title="150 yoshli O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bu yilochiladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>