Iqtidorli shaxmatchilar saralandi
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Unda 100 nafardan ziyod “aql gimnastikasi” ustalari g‘oliblik uchun bahslashdi.
Chempionatning 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovga teng keladigan topilmadi. Iqtidorli shaxmatchi to‘qqiz partiyaning barchasida g‘alaba qozonib, yaqqol ustunlik bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin ham poytaxtimiz vakili Suhrobjon Avvalboyevga nasib etdi. Qoraqalpog‘istonlik Mahmudbek Xolmurodov kuchli uchlikdan o‘rin oldi.
– Shogirdim Mahmudbekning natijasidan xursandman, – deydi Taxiatosh shahridagi 3-respublika ko‘p tarmoqli bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi Abdukarim To‘rayev. – U chempionatda kuchli shaxmatchilarga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Kelajakda maktabimiz tarbiyalanuvchilari orasidan Vatanimiz sharafini himoya qiladigan mohir shaxmatchilar yetishib chiqishiga ishonamiz.
Ushbu yosh toifasidagi qizlar musobaqasida barcha sovrinli o‘rinlar poytaxtlik shaxmatchilarga nasib etdi. Yuliya Xegay birinchi, Leyla Kim ikkinchi va Dilbar Hamroyeva uchinchi o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, har uchchala shaxmatchi to‘qqiz imkoniyatdan 7,5 ochkodan jamg‘ardi.
O‘n to‘rt yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida poytaxtlik Shamsiddin Vohidov to‘qqiz partiyaning yettitasida g‘alaba qozonib, ikkitasida durang natija qayd etdi va 8 ochko bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Xuddi shunday natijaga ega bo‘lgan xorazmlik Nodirbek Yoqubboyev qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha kumush medal bilan taqdirlandi. Bronza medal to‘qqiz imkoniyatdan yetti ochko jamg‘argan toshkentlik Saidakbar Saydaliyevga nasib etdi.
Qizlar bahsida mag‘lubiyatsiz dona surgan toshkentlik Asal Salimova 8 ochko bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Poytaxtlik Sitora Nazarova va Toshkent viloyatidan Ozoda Husaynova 6,5 ochko bilan kuchli uchlikdan joy egalladi.