14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Vatanimiz tarixidagi 14 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tuzilgan kun; O‘zbekiston chegara qo‘shinlari kuni. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 14 yanvardagi Qarori asosida vujudga keldi. 1993 yil 29 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 14 yanvar “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.
1405 yil (bundan 616 yil oldin) – Xitoy yurishiga otlangan Amir Temur Sirdaryoning o‘rta oqimida, uning o‘ng sohilida joylashgan O‘tror shahriga – hokim Berdibekning saroyiga yetib keldi. O‘n beshinchi asrning nodir yozma manbalaridan biri – Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida qayd etilishicha, barcha amirlar, shahzodalar, lashkarboshilarning har biri alohida xonalarga joylashdilar.
O‘sha kuni, sohibqiron qo‘ngan saroyning xonalaridan birida mo‘ridan uchqun chiqib, yong‘in chiqdi. Yong‘inni tezda o‘chirdilar. Lekin ko‘pchilikning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. O‘sha kunlari saroy a’yonlari va Temurning yaqinlari allaqanday vahimali tushlar ko‘rishib, uyqulari buzildi. Ko‘pchilik qandaydir baxtsizlik yaqinlashayotganini his qilgandek bo‘ldi. Amir Temur O‘trorda 35 kun turdi.
1501 yil (bundan 520 yil oldin) – Xuroson hukmdori Sulton Husayn Boyqaro qadrdon do‘sti, ulug‘ shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy xotirasiga ma’raka tashkil etdi. Mazkur ma’rakani tarixchi G‘iyosiddin Xondamir o‘zining “Makorim ul-axloq” asarida quyidagicha bayon etgan:
“Ushbu oyning yigirma uchinchisida, payshanba kuni (milodiy 1501 yilning 14 yanvari kuni) buyuk mashoyixlar, oliy maqomli sayyidlar, olimlar, fozillar, ulug‘lar, a’yonlar, asilzodalar va jamoalar boshliqlari Sarixiyobon dalasiga taklif etildi. Sohibqiron Sulton (Husayn Boyqaro)ning o‘zlari ham tashrif buyurib, ushbu yig‘inni o‘zlarining nurli ishtiroklari bilan munavvar ayladilar.
Behisob taomlar tortilib, kechirimli Zotning kalomidan tilovatlar qilingach, oliy sha’nli podshohning mulozimlari jannat bog‘idan joy oladigan ul hazratning barcha qarindoshlari, yaqin do‘stlari va mulozimlariga qimmatbaho to‘nlar kiygizib, ularni azadorlik kiyimidan chiqardilar. Shundan so‘ng [Sohibqiron Sultonning o‘zlari] ularni o‘z oldilariga chorlab, podshohona iltifotlar va shohona inoyatlarga umidvor qildilar”.
1904 yil (bundan 117 yil oldin) – manzarachi rassom, rangtasvir ustasi, O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyev tavallud topdi (vafoti 1974 yil). U, vafotidan so‘ng, 2001 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1926 yil (bundan 95 yil oldin) – Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xo‘jayli tumani tashkil etildi.
1933 yil (bundan 88 yil oldin) – faylasuf olima, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Matbua Ahmedova tavallud topdi. U 1985 yilda Toshkent madaniyat instituti rektori, 1985–1987 yillarda Madaniyat vaziri lavozimlarida ishlagan.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Benin Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan oldi.
2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Andijon-farm» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi