13 mahkum muddatidan oldin ozod qilindi
Mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha Qashqadaryo viloyatida ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hududlarda tashkil etilgan probatsiya xizmatlarining hududiy bo‘limlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda shartli hukm qilingan va jazoni o‘tash muddatidan oldin shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish, nazorat ostidagilar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi, ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudining navbatdagi sayyor sud majlisida tuman IIB probatsiya nazoratida turgan 13 nafar mahkumni muddatidan avval ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomalar ko‘rib chiqildi. Ular jazo muddatini o‘tash davrida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilganligi va mehnatga halol munosabatda bo‘lganligi sababli belgilangan jazodan muddatidan oldin ozod qilindi.
– Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudi raisi Fazliddin Choriyev. – Kutilmaganda, ba’zan bilib, bilmasdan hayotning egri yo‘llariga kirib qoladi. Lekin bu bilan hammasi tamom, degani emas. Har doim imkon topiladi. Inson borki adashadi. Maqsadimiz, probatsiya guruhida hisobda turib jazo muddatini o‘tayotgan, jazoni o‘tash davomida namuna ko‘rsatgan, ma’muriy huquqbuzarlik, jinoyat sodir etmagan, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan, to‘liq tuzalish yo‘liga o‘tgan, ish joyidan, mahalladan ijobiy tavsiflangan, sog‘lom turmush tarzi kechirayotgan, jamiyatimizda olib borilayotgan oqilona siyosatni to‘g‘ri tushunib yetgan, mehnatga halol munosabatda bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir.
Ayolmi, erkakmi jinoyatga qo‘l urdimi javobgarlik muqarrar. Sodir etgan jinoyati sabab jazoga hukm qilingan ayol uchun eng og‘riqli jihat bu uyatdir deydi, mazkur sudda ozod qilingan ayollar.
– Bugun men va oilam uchun quvonchli voqea bo‘ldi, – deydi ozod etilgan ayollardan biri. – Boisi muddatidan oldin sud zalidan ozod qilindim. Menga berilgan bu imkoniyatning, albatta, qadriga yetaman. Bundan keyin jamiyat rivojiga halol mehnat qilib, o‘z hissamni qo‘shaman. Oilamni tiklayman. Bir anglashilmovchilik sabab jinoyatga aralashib qoldim. Lekin o‘tgan davr mobaynida o‘zimga tegishli xulosa chiqardim. Ba’zan peshonamga bitilgan bu tamg‘ani yuzimga solishganda ich-ichimdan o‘ksinardim. Ozodlik nima ekanligini anglab yetdim. Tushundimki, noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan ekanman. Erkinlikdagi hayotni qadriga yetish kerak ekan.
Sud davomida ozod etilgan mahkumlarga qayta jinoyat sodir qilmasliklari, xatolardan xulosa chiqarishlari yuzasidan tushuntirish ishlari ham olib borildi. Bu ozodlik insonparvarlik namunasi bo‘lib, buni to‘g‘ri anglagan holda halol mehnat bilan qilgan xatolarni tuzatish uchun imkondir.
Probatsiya xizmati tomonidan keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bu kabi profilaktik ishlar, xayrli tadbirlar nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, jinoyatchilikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA